
«O‘zbekneftgaz» sobiq rahbari Bahodir Sidiqov va yana sakkiz kishiga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga kelib tushdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiriga Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Tursunali Akbarov ma’lum qildi.
Ishda jami to‘qqiz kishi sudlanuvchi sifatida qatnashmoqda
Sudlanuvchilar orasida «O‘zbekneftgaz» sobiq rahbari Bahodir Sidiqov, kompaniya sobiq boshqaruv raisi o‘rinbosari Baxtiyor Anarqulov, Eriell Management direktori Nodirjon Boboyev, Enter Engineering rahbari Ulug‘bek Usmonov va yana besh kishi bor.
Ish Yashnobod tumani sudi tomonidan 24-iyul kuni sud majlisida ko‘rib chiqilishi belgilangan jinoyat ishlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Ularga bir nechta moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, sudlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» va «v» bandlari, 205-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari, 209-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari hamda 243-moddasi bilan jinoyat ishi yuritilgan.
Gap o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq ayblovlar haqida ketmoqda.
Besh nafar sudlanuvchi qamoqda
Sudlanuvchilarning besh nafariga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Yana to‘rt nafar sudlanuvchi garov evaziga tergov va sud jarayonida qatnashmoqda.
Ishdagi eng og‘ir moddalar bo‘yicha maksimal jazo 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. Sud jarayoni davomida sudlanuvchilarga qo‘yilgan ayblovlar, dalillar va tomonlarning vajlari sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq soxta Bosh prokuratura xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaro 2 nafar jabrlanuvchiga bug‘doy mahsulotini arzon narxda xarid qilib, uni qayta ishlash orqali katta daromad olish mumkinligini aytib, ishonchiga kirgan.