
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Yerali To‘g‘janovni mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan Qozog‘istonning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Beybut Atamqulov lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rnini egallagan Yerali To‘g‘janov bungacha Qozog‘iston hukumati va hududiy boshqaruv tizimida turli yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Yerali To‘g‘janov 1963-yil 13-mayda G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida tug‘ilgan. U 1988-yilda Qarag‘anda davlat universitetini, 1994-yilda esa Qozog‘iston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha yurist.
U mehnat faoliyatini 1980-yilda o‘rmon xo‘jaligida ishchi sifatida boshlagan. Keyinchalik Qarag‘anda davlat universitetida o‘qituvchi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori, fakultet dekani hamda Qozog‘iston davlat yuridik universiteti filiali rahbari lavozimlarida ishlagan.
2022-yil avgustidan 2023-yil sentabrigacha Oqto‘be viloyatiga rahbarlik qilgan. 2024-yil mayidan esa Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenovning maslahatchisi lavozimida ishlagan.
To‘qayevning boshqa farmonlari bilan Alibek Baqayev Qozog‘istonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi, Amangeldi Sainov esa Ruminiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi.
Avvalroq «Kursiv» Ukraina Qozog‘iston nefti tankerlariga hujumni rad etgani haqida yozgan edi.