Gadjetlar

Samsung Galaxy S25 yangi imkoniyatga ega bo‘ladi

Samsung Galaxy S25 yangi imkoniyatga ega bo‘ladi
Foto: Getty Images

Samsung Galaxy S25 turkumidagi smartfonlarga videoni gorizontal holatda barqaror saqlaydigan Horizontal Lock funksiyasini olib kelishi mumkin. Bu haqda Sammobile xabar berdi.

Ushbu imkoniyat dastlab Galaxy S26 seriyasida paydo bo‘lgan bo‘lib, endilikda One UI 9.0 yangilanishi orqali avvalgi avlod flagmanlariga ham taqdim etilishi kutilmoqda.

Horizontal Lock video yozish vaqtida telefon qiyshaytirilsa yoki aylantirilsa ham tasvirning ufqqa nisbatan tekis holatda qolishini ta’minlaydi. Bu, ayniqsa, harakatlanib turib video olishda yoki smartfonni bir qo‘lda ushlaganda kadrning yon tomonga og‘ib ketishining oldini olishga yordam beradi.

Samsung Galaxy S26 seriyasidagi ayrim yangiliklarni Galaxy S25 qurilmalariga One UI 8.5 yangilanishi bilan olib kelgan edi. Biroq Horizontal Lock ushbu versiyaga kiritilmagan. Shu sababli kompaniya mazkur funksiyani 2025-yilda chiqarilgan flagmanlar uchun umuman taqdim etmasligi mumkinligi taxmin qilingandi.

Foto: Getty Images

Insayder Fahad Ali Javed Galaxy S25+ uchun mo‘ljallangan S936BXXUBDZG4 raqamli One UI 9.0 sinov dasturiy ta’minotini o‘rganib, unda Horizontal Lock funksiyasi qo‘llab-quvvatlanayotganini aniqladi. One UI 9.0 Android 17 operatsion tizimi asosida ishlab chiqilmoqda.

Yangilanishdan nima kutish kerak

Funksiyaning Galaxy S25+ qurilmasida paydo bo‘lgani Samsung uni faqat Galaxy S25 Ultra uchun saqlab qolmasligini ko‘rsatmoqda. Galaxy S25 va Galaxy S25+ modellari bir xil asosiy orqa kamera tizimiga ega bo‘lgani sababli, Horizontal Lock oddiy Galaxy S25 modeliga ham taqdim etilishi ehtimoli yuqori.

Shunday qilib, yangi imkoniyat Galaxy S25, Galaxy S25+ va Galaxy S25 Ultra modellarining barchasida ishlashi mumkin. Biroq hozircha gap One UI 9.0 ning sinov versiyasi haqida ketmoqda. Samsung funksiyaning yakuniy yangilanishga kiritilishi yoki qaysi modellarda ishlashini rasman tasdiqlamagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Edge modelidan voz kechgani haqida yozgan edi.