Yangiliklar

Toshkent–Samarqand o‘rtasida 150 km/soat tezlikdagi yangi magistral qurilishi boshlandi

Davlat rahbari ishtirokida loyihaga tamal toshi qo‘yilib, qurilish rasman boshlandi
Toshkent–Samarqand o‘rtasida 150 km/soat tezlikdagi yangi magistral qurilishi boshlandi
Foto: Toshkent viloyatida avtomobil transporti xizmatlari

Shavkat Mirziyoyev Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam deb atadi. Davlat rahbari ishtirokida loyihaga tamal toshi qo‘yilib, qurilish rasman boshlandi.

282 kilometrlik zamonaviy avtomagistral barpo etiladi

Qiymati qariyb $2,2 milliard bo‘lgan loyiha doirasida uzunligi 282 kilometr bo‘lgan olti polosali avtomagistral quriladi. Unda 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi bunyod etilishi rejalashtirilgan. Yo‘l og‘ir yuk transporti uchun mo‘ljallangan monolit beton qoplama bilan quriladi hamda ayrim uchastkalarda avtomobillar soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlana oladi.

Toshkent–Samarqand yo‘li ikki baravar qisqaradi

Yangi magistral foydalanishga topshirilgach, Toshkentdan Samarqandga borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Yo‘l bir sutkada 60–80 mingta transport vositasini qabul qila oladi, yuk tashish tannarxi esa 20–24 foizga kamayishi kutilmoqda.

Hududlar iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar

Prezident ta’kidlashicha, magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida iqtisodiy faollikni sezilarli oshiradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilgan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga besh barobargacha qaytadi.

Yangi yo‘l bo‘ylab logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona hamda turizm obyektlari barpo etiladi. Aholisi 2 milliondan ortiq bo‘lgan 13 ta tuman uchun minglab yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha daromad manbalari yaratilishi kutilmoqda.

Yangi yo‘l loyihalari ham davom etadi

Davlat rahbari Xiva–Urganch avtomobil yo‘li qurilishi boshlanganini, Toshkent–Andijon yo‘li bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekanini hamda Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘laydigan yangi yo‘l loyihasi yakuniy bosqichga kirganini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Forish – Nurota» yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Senator so‘rovi yuborilgani haqida yozgandi.