Yangiliklar

Ukraina Qozog‘iston nefti tankerlariga hujumni rad etdi

Ukraina hukumati avvalroq xalqaro hamkorlarni Rossiya tomonidan ehtimoliy provokatsiyalar amalga oshirilishi mumkinligidan ogohlantirgan
Ukraina Qozog‘iston nefti tankerlariga hujumni rad etdi
Foto: Kursiv Media

Ukraina Novorossiysk porti yaqinidagi Kaspiy quvur konsorsiumi terminali orqali Qozog‘iston neftini tashigan tankerlarga uyushtirilgan hujumlarga aloqador emasligini bildirdi. Bu haqda Ukrainaning Qozog‘istondagi elchisi Viktor Mayko bayonot berdi, uning to‘liq matni The Times of Central Asia nashrida e’lon qilindi.

Diplomat Kiyev 17, 19 va 20-iyul kunlari yuz bergan hodisalar tufayli Qozog‘iston bildirayotgan xavotirni tushunishini, biroq hujumlarni Ukraina bilan bog‘lash uchun hozircha dalillar mavjud emasligini ta’kidladi.

«Bugungi kunga qadar ushbu hujumlar Ukraina tomoni tomonidan amalga oshirilganini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q. Shu sababli Ukrainaga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita shoshma-shosharlik bilan asossiz ayblovlar bildirishdan tiyilishga chaqiraman», — degan Mayko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hukumati avvalroq xalqaro hamkorlarni Rossiya tomonidan ehtimoliy provokatsiyalar amalga oshirilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Elchi Rossiyaning radioelektron kurash tizimlari Ukraina dronlari boshqaruvini qo‘lga olishi yoki ulardan Kiyevni obro‘sizlantirish maqsadida foydalanishi mumkinligini da’vo qildi.

Mayko shu sababli Rossiyaning bunday dronlardan provokatsiya uyushtirish va Ukrainani aybdor qilib ko‘rsatish uchun foydalanishi ehtimoli puxta tekshirilishi kerakligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Qozog‘iston neftini tashiyotgan tankerlarga Ukraina dronlari zarba bergani haqida yozgan edi.