Yangiliklar

Xorijiy tilda o‘qigan bakalavrlar magistraturaga til sertifikatisiz hujjat topshiradi

Tartib 2026/2027-o‘quv yilidan joriy etiladi
xorijiy til sertifikati
Foto: Oliygoh.uz

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bakalavriatni xorijiy tilda tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikatini taqdim etishdan ozod etiladi. Bu tartib ta’lim tili xorijiy til bo‘lgan yo‘nalishlarda o‘qigan bakalavrlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Yangi tartibga ko‘ra, bakalavriat ta’lim dasturini xorijiy tillardan birida tamomlagan bitiruvchilardan magistraturaga hujjat topshirishda milliy yoki xalqaro til sertifikati talab qilinmaydi.

Bunda bitiruvchi bakalavriat bosqichida ta’limni xorijiy tilda olgan bo‘lishi kerak.

Qaysi holatlarda sertifikat talab qilinmaydi

Mazkur tartib bakalavriat ta’lim dasturini milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatida qayd etilgan 16 ta xorijiy tildan birida tamomlagan bitiruvchilarga tatbiq etiladi.

Shuningdek, abituriyent bakalavriatga qabul qilingan yildagi tasdiqlangan qabul parametrlariga muvofiq aynan shu ta’lim tilida o‘qigan bo‘lishi kerak.

Diplom ilovasida ta’lim tili ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak

Bitiruvchining bakalavr diplomi ilovasida ta’lim tili xorijiy til ekani qayd etilgan bo‘lsa, u magistraturaga hujjat topshirishda til sertifikatini taqdim etmaydi.

Agar diplom ilovasida ta’lim tili ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bakalavriat dasturi xorijiy tilda o‘zlashtirilgani oliy ta’lim tashkiloti tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun maqsadli magistraturaga qabul boshlangandi. Maqsadli magistraturada o‘qish istagidagi pedagoglar arizalarini 30-iyulga qadar, shu kuni ham, my.edu.uz portali orqali topshirishlari mumkin.