Banklar va moliya

Aholining banklarga valyuta sotuvi 1,4 baravarga oshdi

Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan qariyb 1,4 barobar ko‘p
8-may kungi eng yaxshi valyuta kurslari qaysi banklarda
Foto: depositphotos

2026-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslar tijorat banklariga $12,3 mlrd miqdorida valyuta sotdi. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan qariyb 1,4 baravar ko‘p bo‘lib, aholining valyuta taklifi xarid hajmidan $5,5 mlrdga yuqori shakllandi.

Valyuta sotuvi sezilarli oshdi

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2026-yil yanvar – iyun oylarida aholi tijorat banklariga $12,3 mlrd valyuta sotgan. 2025-yilning birinchi yarim yilligida mazkur ko‘rsatkich $9,1 mlrd edi.

Shu davrda jismoniy shaxslar tomonidan $6,8 mlrd valyuta sotib olingan. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 26 foizga ko‘p.

Aholi valyuta bozorida qo‘shimcha taklif yaratdi

Jismoniy shaxslarning valyuta sotish hajmi xarid hajmidan $5,5 mlrdga ortiq bo‘ldi. Markaziy bankka ko‘ra, aholi va banklar o‘rtasidagi operatsiyalarning ijobiy saldosi ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilgan.

2026-yilning birinchi yarim yilligida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga talab qariyb $32 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 20 foizga ko‘p.

Xorijiy valyuta taklifi esa Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda $27,8 mlrdga yetdi va 31 foizga oshdi.

Pul o‘tkazmalari $9,3 mlrdga yetdi

Yanvar – iyun oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga $9,3 mlrd valyuta kelib tushgan. Shu davrda $1,3 mlrd mablag‘ chiqib ketgan va natijada $8 mlrdlik ijobiy saldo shakllangan.

Markaziy bankka ko‘ra, valyuta taklifi, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining oshishi ichki valyuta bozorida kurs nisbatan barqaror shakllanishiga xizmat qilgan.

Hisobot davri yakunida milliy valyuta kursi bir dollar uchun 12 009 so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan. Kurs birinchi yarim yillikda 11 935 – 12 320 so‘m oralig‘ida tebrangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Davlat budjeti daromadlari 2026-yil yakunida 439,7 trln so‘mga yetishi kutilayotgani xabar qilingandi. Bu tasdiqlangan prognozdan 19% yuqori. Iqtisodiyot va moliya vazirligi buni soliq ma’murchiligi yaxshilangani hamda jahon bozorida qimmatbaho metallar narxi kutilganidan yuqori bo‘lgani bilan izohlamoqda.