
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi anomal issiq tufayli vaqtincha faoliyati to‘xtatilgan bog‘cha xodimlariga ish haqi to‘liq to‘lanishini ma’lum qildi. Bu haqda «Xalq ta’limi info» xabar berdi.
Ota-onalardan ortiqcha to‘lov olinmaydi
Ko‘rsatmaga ko‘ra, bola bog‘chaga bormagan kunlar uchun ota-ona to‘lovi undirilmaydi. Agar to‘lov oldindan amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu summa keyingi oy to‘lovidan chegirib qolinadi.
Davomat asosiy mezon bo‘ladi
Vazirlikka ko‘ra, elektron davomat ma’lumotlari ota-onalar to‘lovi va boshqa hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun yagona asos sifatida olinadi.
Bir nechta hududlarda bog‘chalar vaqtincha yopilgandi
Iyul oyidagi anomal issiq sabab Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi qator davlat bog‘chalari vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan edi. 21-iyuldan boshlab esa respublika bo‘ylab havo harorati pasaya boshladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun Qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilishi haqida yozgandi.