Lifestyle

BTS guruhida nega RM lider bo‘lganini tushuntirdi

BTS
Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh kattalashgani sari u muloqot qilish uslubini ham o‘zgartirgan
BTS guruhida nega RM lider bo‘lganini tushuntirdi
Videodan ekran tasviri

BTS reperi RM guruhda lider bo‘lish mas’uliyati qanday o‘zgargani haqida gapirdi. Uning aytishicha, dastlab u turli shaharlar, xarakterlar va orzularga ega yetti a’zoni birlashtirish uchun yetakchi rolini olgan, biroq vaqt o‘tishi bilan a’zolarning o‘z nomi, faoliyati va mustaqil yo‘li shakllangani sabab eski uslubda liderlik qilish endi ishlamay qolgan.

RM BTS’ga yillar davomida yo‘l ko‘rsatgan

RM, asl ismi Kim Nam-Joon BTS tashkil topganidan beri guruh yetakchisi sifatida tanilgan. U hali o‘smir yoshida guruhga qo‘shilgan va keyinchalik BTS xalqaro maydonga chiqqanida ingliz tilidagi intervyularda asosiy tarjimon va vakil vazifasini bajargan.

U ko‘p yillar davomida xorijdagi chiqishlar, suhbatlar va ommaviy tadbirlarda guruh nomidan gapirib kelgan. Ayrim kunlarda BTS a’zolari 40 tagacha intervyu bergani aytiladi va bu jarayonda RM katta yukni o‘z zimmasiga olgan.

RM on Airport Style, BTS, and Art & Philosophy | Fashion Neurosis

«Birinchi yillarda bossga o‘xshagan lider edim»

RM yaqinda bergan intervyusida BTS’ning ilk yillarida o‘zini juda kuchli va ba’zan «bossga o‘xshagan» lider sifatida tutganini tan oldi.

Uning aytishicha, dastlabki sakkiz-to‘qqiz yil davomida u guruhni birlashtirish va yo‘naltirish uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Bunday yondashuv o‘sha paytda guruh oldidagi katta vazifalar bilan bog‘liq bo‘lgan.

A’zolar ulg‘aygani sari liderlik ham o‘zgargan

RM BTS a’zolari vaqt o‘tishi bilan ijodkor sifatida ulg‘aygani, har birining o‘z nomi va faoliyati paydo bo‘lganini aytdi. Shu sabab avvalgidek kuchli nazoratga asoslangan liderlik uslubi endi ishlamay qolgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh kattalashgani sari u muloqot qilish uslubini ham o‘zgartirgan. Endi liderlik faqat oldinda turib gapirish emas, balki qachon aralashish va qachon boshqalarga o‘z yo‘lini topishga imkon berishni bilishdan iborat.

RM liderlikni oddiy misol bilan tushuntirdi

RM liderlikni oddiy hayotiy holat bilan izohladi. Uning aytishicha, hamma divanda yotgan, deraza ochiq va xona sovuq bo‘lsa, kimdir turib derazani yopishi kerak. Hech kim qulay joyidan turishni istamasa, lider aynan o‘sha ishni qiladigan odam bo‘ladi.

RMga ko‘ra, lider har doim buyruq beradigan yoki katta nutq so‘zlaydigan shaxs emas. Ba’zan u shunchaki jamoa uchun kerakli paytda o‘rnidan turadigan odamdir.

BTS’da «aniq kapitan» yo‘qligi ham qiyinchilik tug‘dirgan

RM so‘nggi jonli efirlaridan birida BTS yangi albomini tayyorlash jarayonida aniq «kapitan» yo‘qligi qiyinchilik tug‘dirganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari ko‘pincha u yoki Suga guruhni oldinga boshlagan, hozir esa barcha a’zolar munosabatlarni ehtiyot qilishga harakat qiladi.

U bu holat guruhning kuchli tomoni ekanini ham tan olgan. Chunki BTS a’zolari o‘zaro munosabatni qadrlaydi, lekin aynan shu ehtiyotkorlik ba’zan qaror qabul qilishni qiyinlashtiradi.

BTS (방탄소년단) 'IDOL' Official MV

ARMY hali ham RM’ni lider sifatida ko‘radi

RM o‘zini hozir avvalgidek BTS nomidan gapiradigan yagona shaxs deb hisoblamasligini aytgan bo‘lsa-da, muxlislar uni hanuz guruhning yetakchisi sifatida ko‘radi.

Bunga uning faqat intervyularda gapirgani emas, balki o‘zini tahlil qila olishi, xatolarini tan olishi va guruhga bosim o‘tkazmasdan yo‘l ko‘rsatishga harakat qilishi sabab bo‘lmoqda. RM uchun liderlik endi balandparvoz so‘zlar emas, balki kerak paytda jamoa uchun mas’uliyatni zimmasiga olishdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple Music striming platformasi 2025-yilning eng yaxshi 50 ta K-pop qo‘shig‘i reytingini taqdim etgandi. Ro‘yxatning cho‘qqisidan Blackpink guruhining uch yillik tanaffusdan keyingi ilk qo‘shig‘i – «Jump» joy oldi.