
Donald Trampga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘i birja savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga AQSh prezidenti postlarini soniyaning kichik ulushlari ichida yetkazib beruvchi pulli ma’lumotlar xizmatini taklif qilmoqda. Truth API deb nomlangan servisdan foydalanish oyiga $100 mingga tushadi.
Ko‘p yillik shartnoma tuzgan mijozlar uchun narx oyiga $60 minggacha pasaytirilishi rejalashtirilgan.
Trump Media & Technology Group ma’lumotlariga ko‘ra, servis Truth Social’dagi eng nufuzli o‘nta akkaunt postlarini moliyaviy tashkilotlarga odatiy bildirishnomalardan tezroq yetkazadi. Kompaniya vakili API foydalanuvchilarga postlarni ular ommaga e’lon qilinishidan oldin bermasligini, balki e’lon qilingan zahoti uzatishini ta’kidlagan. Biroq yuqori chastotali savdoda soniyaning mingdan yoki milliondan bir qismidagi ustunlik ham algoritmlarga raqobatchilardan oldin pozitsiya ochish yoki uni yopish imkonini beradi.
The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, kamida beshta yuqori chastotali treyding kompaniyasi Truth API xizmatiga allaqachon obuna bo‘lgan. Bunday firmalar yangiliklar, siyosiy bayonotlar va ayrim kalit so‘zlarni avtomatik kuzatadigan tizimlardan foydalanadi.
Algoritmlar post mazmunini aniqlashi bilan aksiyalarni sotib olish, sotish yoki berilgan buyurtmalarni bekor qilish bo‘yicha qarorlarni inson aralashuvisiz amalga oshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Pentagon Erondagi urush xarajatini 37,5 mlrd dollarga baholagani haqida yozgan edi.