
FIFA taqiqining O‘rozov transferiga ta’siri, Abduqodir Husanovning «Manchester Siti» bilan shartnomasi — 23-iyul kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Fayzullayev va Shomurodov maydonga tushgan bahsda «Istanbul Bashakshehir» «Inter Turku» bilan durang o‘ynadi

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi UEFA Konferensiyalar ligasi saralash bosqichida Finlyandiyaning «Inter Turku» jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushdi, Abbosbek Fayzullayev esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Bahsning 16-daqiqasida mehmonlar hisobni ochdi. Yasse Tuominenning uzatmasidan so‘ng Klinton Jefta to‘pni darvozaga yo‘llab, «Inter Turku»ni oldinga olib chiqdi. «Bashakshehir» birinchi bo‘lim davomida hisobni tenglashtirish uchun bir qator imkoniyatlar yaratdi.
FIFA taqiqi O‘rozovning transferiga ta’sir qiladimi

Rossiya klublariga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ommaviy taqiq joriy etilishi haqidagi xabarlar Jahongir O‘rozovning Qozonning «Rubin» klubiga ehtimoliy transferi yuzasidan savollarni keltirib chiqardi. Rossiya futbol ittifoqi vakili esa bunday umumiy cheklov mavjud emasligini va bir klubga qo‘llangan sanksiya boshqa jamoalarga ta’sir qilmasligini bildirdi.
FIFA 14-iyul kuni Grozniyning «Axmat» klubiga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha sanksiya qo‘lladi. Klub mazkur qarorni bekor qildirish uchun Sport arbitraj sudiga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
Minglab dollar xohlayotgan bo‘lsangiz Rossiyaga boring — Lukashenko maoshidan norozi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga javob qaytardi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatga jalb etilayotgan o‘zbekistonlik ishchilar bir necha ming dollar miqdorida maosh olishni kutmasligi kerakligini bildirdi. Uning aytishicha, «katta pul» topishni istaganlar Rossiyada, jumladan, neft konlarida ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.
Lukashenko 21-iyul kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilishdan asosiy maqsad shunchaki ularni ish bilan ta’minlash emas, balki Belarusda go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish ekanini aytdi.
Dollar oshdi: 24-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

24-iyul uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 53 so‘mga oshib, 12 101,84 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 70,13 so‘mga oshib, 13 811,83 so‘mni, rubl esa 0,87 so‘mga oshib, 153,75 so‘mni tashkil etdi.
Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan shartnomani 2031-yilgacha uzaytiradi

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan yangi shartnoma shartlarini kelishib olishi kutilmoqda. The Athletic nashriga ko‘ra, yangi kelishuv 2031-yilgacha mo‘ljallangan bo‘ladi.
Husanovning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilgacha mo‘ljallangan. Biroq klub endi uni 2031-yilgacha uzaytirishga tayyorlanmoqda. Yangi kelishuv bo‘yicha rasmiy tasdiq yaqin vaqt ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Aholining banklarga valyuta sotuvi 1,4 baravarga oshdi

2026-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslar tijorat banklariga $12,3 mlrd miqdorida valyuta sotdi. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan qariyb 1,4 baravar ko‘p bo‘lib, aholining valyuta taklifi xarid hajmidan $5,5 mlrdga yuqori shakllandi.
Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2026-yil yanvar – iyun oylarida aholi tijorat banklariga $12,3 mlrd valyuta sotgan. 2025-yilning birinchi yarim yilligida mazkur ko‘rsatkich $9,1 mlrd edi.
Anomal issiq sabab yopilgan bog‘cha xodimlariga ish haqi to‘liq to‘lanadi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi anomal issiq tufayli vaqtincha faoliyati to‘xtatilgan bog‘cha xodimlariga ish haqi to‘liq to‘lanishini ma’lum qildi.
Ko‘rsatmaga ko‘ra, bola bog‘chaga bormagan kunlar uchun ota-ona to‘lovi undirilmaydi. Agar to‘lov oldindan amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu summa keyingi oy to‘lovidan chegirib qolinadi.
1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti direktorining o‘rinbosari Dilshod Sultonov 1 foizlik soliq keshbeki tizimini imkon qadar tezroq bekor qilish kerakligini bildirdi. Bu haqda mutaxassis bergan intervyusida ma’lum qildi.
Sultonovning ta’kidlashicha, amaldagi tizim bo‘yicha keshbek mablag‘larining qariyb 80 foizi chek berish amaliyoti allaqachon yo‘lga qo‘yilgan yirik supermarketlar va umumiy ovqatlanish tarmoqlari xaridorlariga to‘g‘ri kelmoqda. Uning fikricha, fuqarolarning chek talab qilish madaniyati shakllanib bo‘lgan va endi tizimni saqlab qolish maqsadga muvofiq emas.
O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘l avgustda ochiladi

Urganch va Xiva o‘rtasida qurilayotgan O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘lini 2026-yil avgust oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent — Samarqand avtomagistrali qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ma’lum qildi.
«Respublikamizning tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan Xivani Urganch shahri bilan bog‘laydigan ilk pulli yo‘l qurilishini allaqachon boshlaganmiz. Nasib qilsa uni keyingi oy foydalanishga topshiramiz. Bu nafaqat ushbu hudud aholisi uchun balki xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun ham muhim turizm infratuzilmasi sifatida xizmat qiladi», — dedi prezident.
O‘zbekistondagi ikki muzeyda 500 dan ortiq eksponat yo‘qolgani aniqlandi

Respublika davlat muzeylarida o‘tkazilayotgan xatlov ishlari davomida «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondlarida eksponatlar kamomadi aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.
Xatlov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari, jumladan G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyida 500 ga yaqin, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa 16 ta fond eksponati joyida mavjud emasligi qayd etilgan.