Yangiliklar

Minglab dollar xohlayotgan bo‘lsangiz Rossiyaga boring — Lukashenko maoshidan norozi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga javob qaytardi

Belarusda yer va suv resurslari yetarli ekanini, biroq qishloq xo‘jaligida ishchi kuchi yetishmasligini ta’kidlagan
Minglab dollar xohlayotgan bo‘lsangiz Rossiyaga boring — Lukashenko maoshidan norozi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga javob qaytardi
Foto: Getty Images

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatga jalb etilayotgan o‘zbekistonlik ishchilar bir necha ming dollar miqdorida maosh olishni kutmasligi kerakligini bildirdi. Uning aytishicha, «katta pul» topishni istaganlar Rossiyada, jumladan, neft konlarida ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.

Lukashenko 21-iyul kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilishdan asosiy maqsad shunchaki ularni ish bilan ta’minlash emas, balki Belarusda go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish ekanini aytdi.

Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev fuqarolarni ishga joylashtirish bilan birga, mamlakatga go‘sht va sut yetkazib berishni ko‘paytirish masalasini ham ko‘targan.

Lukashenko Belarusda yer va suv resurslari yetarli ekanini, biroq qishloq xo‘jaligida ishchi kuchi yetishmasligini ta’kidladi. Shu sababli tomonlar O‘zbekistondan ishchilarni jalb etib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning bir qismini O‘zbekiston bozoriga yetkazib berishga kelishgan.

Uning ta’kidlashicha, belgilangan tizim orqali kelgan o‘zbekistonliklar Belarus fuqarolari kabi ishga qabul qilinadi. Ishchilarning maoshi esa ishlab chiqarish natijalariga bog‘liq bo‘ladi: qancha ko‘p mahsulot yetishtirilsa, daromad ham shuncha yuqori bo‘ladi.

«Kimdir Belarusga bir necha ming dollar miqdoridagi juda katta maosh uchun kelmoqchi bo‘lsa, Rossiyaga borishi mumkin. U yerda neft konlari yoki boshqa yo‘nalishlarda ishlab, katta maosh olish mumkin», – dedi Lukashenko.

Kontekst

Iyul oyi o‘rtalarida Andijon viloyatidan 255 nafar fuqaroning dastlabki guruhi Belarusning Vitebsk viloyatiga ishlash uchun borgan edi. Ular qishloq xo‘jaligi va chorvachilik korxonalarida vaqtincha ishlashi ko‘zda tutilgan. Loyiha Andijon viloyati hokimligi, Migratsiya agentligi hamda Vitebsk viloyatining tegishli idorasi o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshirilgan.

Belarusga yetib borgan ayrim fuqarolar keyinchalik videomurojaat yo‘llab, ularga oyiga qariyb $500 maosh taklif etilgani, yashash va kundalik xarajatlarni esa o‘zlari qoplashi kerakligini bildirgan. Migratsiya agentligi vakili dastlabki shartlarda o‘rtacha ish haqi $900 – 1,2 ming bo‘lishi ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan.

Keyinchalik ishchilar bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng oylik maoshni $700 etib belgilash, turarjoy va tushlikni bepul taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishilgani xabar qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Belarus yana 5 ming nafar o‘zbekistonlik ishchini jalb qilishi haqida yozgan edi.