
Qariyb ikki yil davom etgan rekonstruksiya ishlaridan so‘ng O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi yana tashrifchilarni qabul qilishni boshlaydi. Fanlar akademiyasi ma’lum qilishicha, ochilish marosimi 24-iyul kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi.
Muzey 150 yillik yubiley arafasida
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi 1876-yilda tashkil etilgan. Bu yil muzey o‘zining 150 yillik yubileyini nishonlash arafasida turibdi.
Muzey O‘zbekiston tarixini keng va ko‘p qirrali yorituvchi yurtimizdagi yagona muzeylardan biri hisoblanadi.
Muzey fondida 350 mingdan ortiq tarixiy buyum bor
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi xazinasida 350 mingdan ziyod tarixiy buyum saqlanadi.
Shu bois muzey nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyodagi eng boy madaniy maskanlardan biri sifatida qayd etiladi.
Uch kun davomida kirish bepul bo‘ladi
24, 25 va 26-iyul kunlari muzeyda «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkaziladi. Ushbu kunlarda O‘zbekiston fuqarolari muzeyga bepul tashrif buyurishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi uchun Yangi Toshkent shahrida bino qurilayotgani xabar qilingandi. Ma’lum qilinishicha, muzey faoliyati tugatilmayapti, bino kapital ta’mir uchun vaqtincha yopilgan, nodir manbalar esa yangi bino ishga tushgunga qadar maxsus joylarda saqlanadi.