Yangiliklar

O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘l avgustda ochiladi

Loyiha qiymati $120 mlnni tashkil etadi
pullik yo‘llar
Foto: depositphotos

Urganch va Xiva o‘rtasida qurilayotgan O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘lini 2026-yil avgust oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent — Samarqand avtomagistrali qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ma’lum qildi.

«Respublikamizning tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan Xivani Urganch shahri bilan bog‘laydigan ilk pulli yo‘l qurilishini allaqachon boshlaganmiz. Nasib qilsa uni keyingi oy foydalanishga topshiramiz. Bu nafaqat ushbu hudud aholisi uchun balki xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun ham muhim turizm infratuzilmasi sifatida xizmat qiladi», — dedi prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi tafsilotlari | Ахборот 24 (22.07.2026)

Qurilish ishlari 80 foizga yakunlandi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ko‘ra, bugungi kunda qurilish ishlarining 80 foizi bajarilgan.

35 kilometrlik yo‘lning tuproq ishlari va ostki qatlam uchun asos qurish ishlari to‘liq yakunlangan. Yo‘lning 25 kilometrlik qismida birinchi qatlam asfalt qoplamasi yotqizilgan.

Loyiha qiymati $120 mlnni tashkil etadi

Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘li xalqaro standartlar asosida qurilmoqda. Loyiha qiymati $120 mlnni tashkil etadi.

To‘rt tasmali yo‘l bir sutkada 20 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazishga mo‘ljallangan. Yangi trassa foydalanishga topshirilgach, Urganchdan Xivagacha bo‘lgan masofani 17 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi. Loyiha doirasida 15 ta yangi ko‘prik, 1 ta tunnel, 5 ta yer osti o‘tish yo‘lagi va 101 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Samarqand o‘rtasida 150 km/soat tezlikdagi yangi magistral qurilishi boshlangani xabar qilingandi. Qiymati qariyb $2,2 milliard bo‘lgan loyiha doirasida uzunligi 282 kilometr bo‘lgan olti polosali avtomagistral quriladi. Unda 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi bunyod etilishi rejalashtirilgan.