
Respublika davlat muzeylarida o‘tkazilayotgan xatlov ishlari davomida «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondlarida eksponatlar kamomadi aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.
500 ga yaqin eksponat topilmadi
Xatlov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari, jumladan G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyida 500 ga yaqin, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa 16 ta fond eksponati joyida mavjud emasligi qayd etilgan.
Hujjatlar prokuraturaga taqdim etildi
Aniqlangan kamomadlar yuzasidan huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish uchun barcha hujjatlar prokuratura organlariga yuborilgan.
Xatlov ishlari davom etmoqda
Madaniy meros agentligi ta’kidlashicha, muzey fondlaridagi eksponatlar saqlanish holatini o‘rganish ishlari Prezidentning 261-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuraturaning qo‘shma yig‘ilishi bayoni ijrosi doirasida bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi qayta ochilishi haqida yozgandi.