Gadjetlar

Poco F9 Ultra smartfoni qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

Model 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘lishi aytilmoqda
Poco F9 Ultra smartfoni qanday imkoniyatlar bilan chiqadi
Foto: Poco

Poco kompaniyasining yangi flagmanlari — Poco F9 Pro va Poco F9 Ultra smartfonlari GSMA sertifikatidan o‘tdi. Bu haqda Xiaomitime nashri xabar bermoqda.

Smartfonlarning rasmiy premyerasi 2026-yilning ikkinchi yarmida, yil yakuniga qadar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Sertifikatlash hujjatlarida ikkala modelning global bozorlarga chiqarilishi nazarda tutilgani qayd etilgan. Biroq Poco hozircha qurilmalarning taqdimot sanasi va texnik xususiyatlarini rasman e’lon qilmagan.

XimiTime ma’lumotiga ko‘ra, MI Code dasturiy kodining tahlili Poco F9 Pro va F9 Ultra Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori asosida ishlashini ko‘rsatgan. SM8850 indeksiga ega ushbu chip yangi avlod flagman smartfonlari uchun mo‘ljallanishi aytilmoqda.

Qurilmalarga TCL kompaniyasi ishlab chiqargan AMOLED displeylar o‘rnatilishi mumkin. Ekranlarning yangilanish chastotasi 185 Gsgacha yetishi kutilmoqda. Bu interfeys, video va mobil o‘yinlarda yanada silliq tasvirni ta’minlashi mumkin.

Texnik ustunliklari

Poco F9 Ultra modelining asosiy ustunliklaridan biri 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘lishi aytilmoqda. Poco F9 Pro esa 8000 mA/soat batareya bilan jihozlanishi mumkin. Har ikki smartfon 100 Vt quvvatli simli va 50 Vt quvvatli simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Shuningdek, Poco F9 Pro va Poco F9 Ultra’ga 200 MP asosiy kamera o‘rnatilishi haqida ma’lumotlar tarqalgan. Biroq kameralar soni, qo‘shimcha sensorlar va optik imkoniyatlar hozircha ochiqlanmagan.

Yangi modellar Poco F8 Pr’ning davomchisi bo‘lishi kutilmoqda. Ularning narxi, xotira konfiguratsiyalari va qaysi mamlakatlarda birinchi bo‘lib sotuvga chiqarilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Tarqalgan texnik ko‘rsatkichlar norasmiy bo‘lib, qurilmalar taqdimotigacha o‘zgarishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Xiaomi ayrim smartfonlar uchun Android 17 yangilanishini chiqargani haqida yozgan edi.