
Mangal Fest 2026 tadbiri o‘tkazilishi munosabati bilan Toshkent shahrining Sergeli tumanida transport harakati vaqtincha cheklanadi. Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, Sug‘diyona ko‘chasining ayrim qismi 23-iyuldan 26-iyulgacha yopiq bo‘ladi.
Cheklov Sug‘diyona ko‘chasining Yangi Sergeli ko‘chasi bilan kesishmasidan Jaloyir ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismida amal qiladi. Ushbu oraliqda transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatiladi.

Haydovchilardan yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish va aylanma yo‘llardan foydalanish so‘raldi. Mas’ullar vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Nurafshon yo‘lida kuniga 130 ming avtomobil o‘tkaza oladigan yo‘l o‘tkazgich ochilgandi. Qiymati 240 milliard so‘m bo‘lgan loyiha Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda amalga oshirildi. Majmua tarkibidan 66 metrlik ko‘prik, 450 metrlik yer osti yo‘li, yer osti piyodalar o‘tish yo‘laklari, aylana yo‘l, piyoda va veloyo‘laklar, avtobus bekatlari hamda tashqi yoritish tizimi o‘rin olgan.