Avto

General Motors Test Track attraksionini yangiladi

General Motors Test Track attraksionini yangiladi
Foto: Norebbo

General Motors kompaniyasi Uolt Disney Imagineering jamoasi bilan hamkorlikda EPCOT ko‘ngilochar bog‘idagi mashhur Test Track attraksionini yangiladi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Yangilangan attraksion ustida GM’ning sanoat dizayni, mahsulot tajribasi, avtomobil studiyalari hamda ranglar, materiallar va bezaklar yo‘nalishidagi mutaxassislari ishlagan. Ular konsept avtomobillar, sahna ko‘rinishlari va tashrif buyuruvchilar bevosita ko‘radigan elementlarni ishlab chiqishda qatnashgan.

Loyihadagi asosiy mutaxassislardan biri GM Industrial Design jamoasining mahsulot va mobillik bo‘yicha menejeri Jon Makdugall bo‘ldi. U bolaligida Test Track’ga ilk bor tashrif buyurganida transport vositalarini insonlar loyihalashi, yaratishi va kelajak uchun rivojlantirishi mumkinligini anglagan. Ushbu qiziqish keyinchalik uni avtomobil dizayni sohasiga, so‘ngra General Motors kompaniyasiga olib kelgan.

Nima uchun o‘zgacha

Foto: GM

Attraksionda kompaniyaning o‘tmishdagi ishlanmalari kelajakdagi mobillik imkoniyatlari bilan bog‘langan. Mehmonlarga avtomobil texnologiyalari uzoq va mavhum istiqbol emas, balki ularning kundalik hayoti va shaxsiy ehtiyojlari bilan bevosita aloqador soha sifatida ko‘rsatiladi.

Test Track’da tashrif buyuruvchilar o‘zlarini ichida tasavvur qilishi mumkin bo‘lgan to‘rtta futuristik konsept avtomobil namoyish etiladi. «Progress City» deb nomlangan yakuniy sahnada esa havoga ko‘tariladigan transport vositasi tasvirlangan. Ushbu epizod kelajak shaharlarida yerusti va havo transporti birgalikda ishlashi mumkinligi haqidagi qarashni aks ettiradi.

Nimalar yangilandi

Foto: GM

Yangilangan attraksion murakkab avtomobil texnologiyalarini sodda va ko‘rgazmali shaklda tushuntirishga ham qaratilgan. Jumladan, sahnalardan birida LiDAR tizimining ishlashi vizuallashtiriladi. Mehmonlar sensorlar avtomobil atrofidagi obyektlar, masofa va harakatni qanday aniqlashini ko‘rishi mumkin. Teatrlashtirilgan ko‘rinishga ega ushbu sahna GM avtomobillarida amalda qo‘llanayotgan haydovchiga ko‘maklashuvchi texnologiyalar bilan bog‘langan.

Foto: GM

General Motors’ga ko‘ra, loyiha sanoat dizaynerlarining vazifasi faqat yangi avtomobil yoki alohida mahsulot yaratish bilan cheklanmasligini ko‘rsatadi. Dizaynerlar odamlarning texnologiyani qanday qabul qilishi, transport imkoniyatlarini qanday tushunishi va kompaniyaning kelajak haqidagi qarashlari bilan qanday bog‘lanishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Onix Activ 2027 test-drayv qilingani haqida yozgan edi.