
Honor kompaniyasi brendini yangilash doirasida yangi logotip, korporativ rang va shiorini namoyish etdi. Bu haqda kompaniya saytida e’lon qilindi.
Honor avvalgi «Go Beyond» shioridan voz kechib, uning o‘rniga «Dare to be» — «Bo‘lishga jur’at et» mazmunidagi yangi shiorni qabul qildi. Brendning odatiy moviy rangi ham almashtirilib, yanada yorqin va ifodali Pantone 2193C tusidan foydalaniladi.
Kompaniya rebrending orqali o‘zini faqat smartfon ishlab chiqaruvchisi sifatida emas, balki sun’iy intellektga asoslangan global ekotizim yetakchisi sifatida ko‘rsatishni maqsad qilmoqda. Honor yangi strategiyasida iste’molchilar manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish va inson ehtiyojlariga mos texnologiyalar yaratishga urg‘u beradi.
O‘zgartirishdan maqsad nima
Brend vakillariga ko‘ra, yangi korporativ uslub Honor’ning foydalanuvchilarga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishda yordam beradigan, inson markazidagi mahsulot va xizmatlarni rivojlantirishga intilishini aks ettiradi. Rebrending kompaniyaning smartfonlardan tashqari sun’iy intellekt, aqlli qurilmalar va o‘zaro bog‘langan raqamli xizmatlarni qamrab oluvchi kengroq ekotizimga o‘tish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Honor 600 Pro‘ning sovg‘ali maxsus versiyasi taqdim etilgani haqida yozgan edi.