Yangiliklar

Issiq yana qaytmoqda: dam olish kunlari o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutmoqda

Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi
Issiq yana qaytmoqda: dam olish kunlari o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutmoqda
Foto: RG

O‘zbekistonda dam olish kunlari havo harorati yana ko‘tarilishi kutilmoqda. «O‘zgidromet» prognoziga ko‘ra, juma, shanba va yakshanba kunlari mamlakat hududida asosan kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.

Faqat ayrim tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko‘tarilib, 26-iyul kuni respublikaning asosiy qismida 36–39 darajaga, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 40–42 darajagacha yetadi.

Mamlakat shimoli va cho‘l hududlarida shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi mumkin. Ayrim joylarda kuchli shamol chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi ehtimoli bor.

24-iyul kuni Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hamda tog‘li hududlarida sel va suv toshqini yuzaga kelishi xavfi saqlanib qoladi.

Poytaxtda-chi?

Toshkent shahrida dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi havo harorati juma kuni 34–36 daraja, shanba kuni 35–37 daraja va yakshanba kuni 36–38 darajani tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

O‘tgan hafta O‘zbekistonda anomal issiq ob-havo kuzatilib, harorat aksariyat hududlarda 43–45 darajaga, janub va cho‘l hududlarida esa 46–49 darajagacha ko‘tarilgan edi. 21-iyuldan boshlab mamlakat bo‘ylab harorat vaqtincha pasaygan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 24-iyulda ayrim hududlarda havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilishi haqida yozgan edi.