
Germaniya futbol ittifoqi tomonidan 24-iyul kuni Yurgen Klopp Germaniya milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirilishi kutilmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar bermoqda.
Klopp bu lavozimda Yulian Nagelsmanning o‘rnini egallashi mumkin. Nagelsmann Germaniya terma jamoasi JCH-2026 nimchorak finaliga chiqish uchun kechgan bahsda Paragvayga penaltilar seriyasida yutqazganidan keyin iste’foga chiqqan edi. Germaniya futbol ittifoqi shundan so‘ng Klopp bilan muzokara boshlashini va murabbiy lavozimni qabul qilishga prinsipial jihatdan tayyor ekanini bildirgan.
Klopp jahon chempionati vaqtida teleekspert sifatida Nyu-Yorkda ishlagan va shu yerda Germaniya futboli rahbarlari bilan muzokara o‘tkazgan. Tomonlar 11-iyul kuni kelishuvning asosiy masalalari bo‘yicha bir fikrga kelganini ma’lum qilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, shartnoma 2030-yilgi jahon chempionati yakunigacha amal qilishi mumkin.
Muzokaralardagi asosiy masalalardan biri Kloppning Red Bull’dagi faoliyati bilan bog‘liq edi. U 2025-yil yanvaridan kompaniyaning global futbol bo‘limiga rahbarlik qilib, Red Bull tizimidagi klublarning sport strategiyasini muvofiqlashtirib kelmoqda. Germaniya futbol ittifoqi, murabbiy va Red Bull yakuniy shartlarni kelishib olgani aytilmoqda.

Murabbiy haqida
Yurgen Klopp 1967-yil 16-iyunda Germaniyada tug‘ilgan. U futbolchilik faoliyatining asosiy qismini «Mayns 05»da o‘tkazgan va 2001-yilda aynan shu klubda murabbiylik faoliyatini boshlagan. Keyinchalik Dortmundning «Borussiya»sini boshqarib, jamoani ketma-ket ikki marta Germaniya chempioniga aylantirgan hamda mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.
Klopp 2015–2024-yillarda «Liverpul» bosh murabbiyi sifatida ishladi. Uning rahbarligida klub 2019-yilda UEFA Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida, 2020-yilda esa Angliya Premer-ligasida g‘olib chiqdi. Shuningdek, jamoa Angliya kubogi, ikki marta Liga kubogi va UEFA Superkubogini qo‘lga kiritdi. Klopp «Liverpul» tarixida oltita turli yirik sovrinni yutgan yagona murabbiy hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Lamin Yamal Messi unga nima deganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.