Sport

Lamin Yamal Messi unga nima deganini ma’lum qildi

Lamin Yamal Messi unga nima deganini ma’lum qildi
Foto: Instagram/ Yamal

Ispaniya terma jamoasi va «Barselona» vingeri Lamin Yamal 2026-yilgi jahon chempionati finalidan keyin Lionel Messi bilan bo‘lgan suhbat tafsilotlarini oshkor qildi. Bu haqda Marca xabar bermoqda.

Yamalning aytishicha, argentinalik futbol afsonasining o‘yindan keyingi so‘zlari jahon chempionligi uchun olgan oltin medali kabi qadrli bo‘lgan.

Ispaniya 19-iyul kuni Nyu-Jersi shtatidagi stadionda o‘tkazilgan finalda Argentinani qo‘shimcha vaqtda 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi yagona golni zaxiradan maydonga tushgan Ferran Torres kiritib, Ispaniyaga tarixidagi ikkinchi jahon chempionligini olib keldi.

Foto: Instagram/ Yamal

Yamalning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil avval unga Messi bilan jahon chempionati finalida o‘ynashi va kubokni qo‘lga kiritishi aytilganida, bunga ishonmagan bo‘lardi. U argentinalik futbolchini tarixdagi eng buyuk o‘yinchi va bolaligidan havas bilan kuzatgan kumiri deb atadi.

«U menga o‘z yo‘limdan borishda davom etishimni va kelajak bizning avlod qo‘lida ekanini aytdi», — deya qayd etgan Yamal.

Messi va Yamalni bog‘laydigan tarix

Messi va Yamalni «Barselona» hamda La Masiya akademiyasi bilan bog‘liq umumiy tarix birlashtiradi. Messi Kataloniya klubida afsonaviy faoliyatini o‘tkazgan bo‘lsa, Yamal ham shu akademiyada tarbiyalanib, keyinchalik asosiy jamoaning 10-raqamli futbolchisiga aylandi. Final oldidan «Barselona» ikki futbolchining qarama-qarshiligini La Masiyadan yetishib chiqqan ikki avlod uchrashuvi sifatida taqdim etgan edi.

Foto: Instagram/ Yamal

Ularning ilk ramziy uchrashuvi Yamal hali chaqaloq bo‘lgan paytda yuz bergan. 2007-yilda xayriya taqvimi uchun o‘tkazilgan fotosessiyada yosh Messi olti oylik Yamalni cho‘miltirishda qatnashgan. Oradan qariyb 19 yil o‘tib, ular jahon chempionati finalida raqib sifatida maydonga tushdi, o‘yin yakunida esa o‘zaro hurmat belgisi sifatida quchoqlashdi.

Avvalroq «Kursiv» Yamal va Messining avtomobil kolleksiyasidagi modellar haqida maqolalar e’lon qilgan edi.