Sport

Lionel Messiga qarshi kampaniya avj oldi — tafsilotlar

Lionel Messiga qarshi nafrat kampaniyasi avj oldi
Foto: Instagram/ Messi

Argentina terma jamoasi JCh-2026 yarimfinalida Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng Lionel Messiga qarshi Britaniya jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalaridagi munosabat keskin salbiylashdi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.

Vaziyat Argentina futbolchilarining ayrimlari Malvina yoki Britaniyada Folklend deb ataladigan bahsli orollar haqidagi banner bilan suratga tushganidan keyin yanada keskinlashgan. Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etayotgan hududiy nizo fonida ushbu banner Britaniya matbuoti va futbol muxlislari orasida norozilik uyg‘otgan.

Foto: Instagram/ Messi

Biroq nashrga ko‘ra, tanqidlar siyosiy banner bilan cheklanib qolmay, Messining shaxsiyati va futbolchilik merosiga qarshi umumiy kampaniyaga aylangan. Ayrim ingliz nashrlari Argentina sardorini terma jamoa mag‘lubiyatining ramziy aybdori sifatida ko‘rsata boshlagan.

YouGov so‘rovi britaniyaliklarning Messiga munosabati turnir davomida qanchalik o‘zgarganini ko‘rsatdi. Guruh bosqichining dastlabki o‘yinlaridan keyin respondentlarning 55 foizi futbolchi haqida ijobiy fikr bildirgan. Nimchorak final vaqtida bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil etgan, salbiy munosabat bildirganlar ulushi esa 11 foiz bo‘lgan.

Foto: Instagram/ Messi

Boshqa statistikalar qanday

Jahon chempionati yakuniga kelib, Messiga ijobiy qaraydiganlar ulushi 29 foizgacha tushgan, salbiy fikr bildirganlar esa 44 foizga yetgan. Natijada uning sof reytingi bir oy ichida 46 punktlik ijobiy ko‘rsatkichdan 15 punktlik salbiy ko‘rsatkichgacha pasaygan.

Foto: Instagram/ Messi

Shunga qaramay, so‘rovda futbolga hech bo‘lmaganda qisman qiziqadigan britaniyaliklarning 38 foizi Messini tarixdagi eng yaxshi futbolchi deb atagan. Krishtianu Ronaldu bu savolda 16 foiz ovoz olgan. Bu esa Angliyaning yarimfinaldagi mag‘lubiyati va siyosiy mojaro ham britaniyalik muxlislarning Messining futbolchilik darajasi haqidagi asosiy qarashlarini to‘liq o‘zgartirmaganini ko‘rsatadi.

Avvalroq «Kursiv» Lamin Yamal Messi unga nima deganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.