
Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi Shavkat Mirziyoyevni 69 yoshga to‘lgani munosabati bilan tabrikladi. 24-iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqotlarida davlat rahbariga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilaklari bildirildi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan qutlab, uning davlat boshqaruvidagi faoliyatiga yangi muvaffaqiyatlar tiladi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmi ortib, ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalar ilgari surilayotganini qayd etdi.
Mintaqa yetakchilari O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etdi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tabrik davomida Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan dadil ilgarilayotgani va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanayotganini ta’kidladi. Yetakchilar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini muhokama qildi.
Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham O‘zbekiston prezidentini tavallud kuni bilan tabriklab, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. U Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati natijasida O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda salmoqli yutuqlarga erishayotganini qayd etdi.
Suhbatda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi hamda transport sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Tomonlar «Shovot–Toshovuz» savdo zonasining o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishdagi ahamiyatini ham ta’kidladilar. Shuningdek, kuzda Avaza shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Japarov Mirziyoyevning mintaqadagi rolini ta’kidladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni 69 yoshga to‘lishi bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik va davlat faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi. U O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi roliga yuqori baho berdi.
Japarov 21-iyul kuni Bishkekda «Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li» kitobining qirg‘iz tilidagi nashri taqdim etilganini ham qayd etdi. O‘zbekiston prezidenti bildirilgan samimiy tilaklar va mamlakatdagi o‘zgarishlarga berilgan yuksak baho uchun minnatdorlik bildirdi. Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi loyihalar va tashabbuslar bilan izchil boyib borayotganini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» prezident jarima va yig‘imlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgan edi.