Yangiliklar

Neft narxi may oyidan beri ilk bor 100 dollardan oshdi

Brent fyucherslari 7 foizga yaqin qimmatlashdi
Цена нефти превысила $140 впервые за 18 лет
Foto: DeminPan / www.depositphotos.com

Brent markali neft narxi may oyidan beri birinchi marta bir barrel uchun $100 darajasidan yuqoriga chiqdi. Narxlar Qizil dengizda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar tankerlariga hujumlar haqidagi xabarlar fonida keskin oshdi.

Brent fyucherslari 7 foizga yaqin qimmatlashdi

The Financial Times hisob-kitobiga ko‘ra, Brent nefti fyucherslari qariyb 7 foizga ko‘tarilgan. Bu jahon bozorida neft yetkazib berish xavfi kuchaygani bilan izohlanmoqda.

CNBC ma’lumotiga ko‘ra, agar hozirgi o‘sish sur’ati saqlanib qolsa, Brent narxi bir oyda taxminan 36 foizga oshishi mumkin. Bu so‘nggi o‘n yildagi eng yirik uchta neft rallisidan biri bo‘lishi ehtimoli bor.

WTI ham keskin oshdi

Shimoliy Amerikaning WTI markali nefti ham 23-iyul kuni 5,6 foizga qimmatlashib, bir barrel uchun qariyb $92 atrofida savdo qilindi.

Ushbu marka ham oy yakunigacha 30 foiz atrofida o‘sish ko‘rsatishi va o‘n yillikdagi eng kuchli narx sakrashlaridan birini qayd etishi mumkin.

Qizil dengizdagi hujumlar yangi xavf tug‘dirmoqda

Husiylarning kemalarga hujumlari Bab-el-Mandeb bo‘g‘ozi orqali harakatga xavf tug‘dirmoqda. Bu bo‘g‘oz Qizil dengizni Aden qo‘ltig‘i va Hind okeani bilan bog‘laydi.

Ushbu yo‘nalish Hormuz bo‘g‘ozi yopilgan sharoitda Saudiya Arabistoni neft eksporti uchun muhim muqobil marshrutlardan biri bo‘lib qolgan edi.

Kemalar uzoqroq yo‘nalishlarni tanlashi mumkin

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, ayrim kemalar allaqachon ushbu yo‘nalishdan qochmoqda. Hindiston va Osiyodagi boshqa xaridorlar esa Suvaysh kanali orqali uzoqroq va qimmatroq marshrutlardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Bu holat tashish xarajatlarini oshirishi va global neft ta’minotiga qo‘shimcha bosim keltirishi mumkin.

Qozog‘iston nefti bilan bog‘liq muammolar ham ta’sir qilmoqda

Neft bozoridagi vaziyat Qozog‘istondan yetkazib berishdagi muammolar fonida yanada murakkablashmoqda. Mamlakat asosiy eksport terminali Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi Kaspiy quvur konsorsiumi obyektiga neft uzatishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Bunga neft tankerlariga uyushtirilgan dron hujumlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Shu omillar birgalikda neft narxining keskin oshishiga olib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda neft qazib olish 21 foizga qisqargani xabar qilingandi. Mamlakat Energetika vazirligiga ko‘ra, bu qaror neft omborlarining to‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ishlab chiqarish jarayonining barqarorligini saqlash maqsadida qabul qilingan.