
Qozog‘iston poytaxti Ostonada ilk aerotaksining namoyish parvozi o‘tkazildi. Sinov «Qazanat» ippodromi hududida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan xabar bermoqda.
Loyihani Qozog‘istonning Alatau Advance Air Group kompaniyasi Xitoyning AutoFlight kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etdi.
Namoyishda AutoFlight Prosperity elektr uchish apparatidan foydalanildi. U bir nafar uchuvchi va besh nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Aerotaksi soatiga 200 km tezlikka chiqishi va bir quvvatda 200 kmgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Biroq xavfsizlik talablariga ko‘ra, dastlabki parvoz yo‘lovchilarsiz amalga oshirildi.
Loyihadan nimalar kutilmoqda
Alatau Advance Air Group bosh direktori Sergey Xegayning ta’kidlashicha, Ostonadagi namoyish alohida tajriba emas, balki Qozog‘istonda shahar havo transportini joriy etishga qaratilgan tizimli ishlarning bir qismidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sinovlar yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishdan oldin infratuzilma, xavfsizlik talablari va boshqaruv tizimlarini tayyorlash imkonini beradi.
Namoyish parvozidan so‘ng AutoFlight Prosperity 2026-yilgi «Kelajak o‘yinlari» xalqaro turnirining asosiy eksponatlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Aerotaksi 29 – 30-iyul kunlari Ostonadagi «Baris Arena» majmuasi oldida tashkil etiladigan ochiq ko‘rgazmada namoyish qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda aerotaksi narxi qancha bo‘lishi haqida yozgan edi.
