
O‘sh shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Qirg‘izistonga eksport qilish bo‘yicha umumiy qiymati $42,4 mlnlik shartnomalar imzolandi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Biznes-forum O‘sh shahrida ikki mamlakatdan 300 nafardan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirokida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes assotsiatsiyasi, O‘zbekistonning O‘sh shahridagi Bosh konsulxonasi, O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, hamkor tashkilotlar hamda ikki davlat tadbirkorlari qatnashdi.
Savdo va investitsiya hamkorligi muhokama qilindi
Forumda O‘sh shahri meri Janar Akayev O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Davlat chegarasiga oid masalalarning hal etilgani ham ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
B2B uchrashuvlar o‘tkazildi
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning investitsiya salohiyati haqida videotaqdimot namoyish etildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston tadbirkorlari o‘rtasida B2B formatida uchrashuvlar va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmini oshirish, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish, qo‘shma investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Forum yakunida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Qirg‘izistonga eksport qilish bo‘yicha umumiy qiymati $42,4 mln bo‘lgan shartnomalar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya besh o‘zbekistonlik eksportchiga meva-sabzavot importini cheklashi ma’lum qilingandi. Cheklovlar oq va gulkaram, bosh piyoz, shivit, petrushka, uzum, lavlagi, pomidor hamda boshqa qator meva-sabzavot mahsulotlariga tatbiq etiladi.