
O‘zbekistonning ayrim avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida propan narxi 24-iyul kuni 1 litr uchun 7 ming so‘mgacha pasaydi. Uzcars nashrining yozishicha, so‘nggi vaqtlarda narx yuqori darajada saqlanib kelgani sabab haydovchilar bunday ko‘rsatkich uzoq vaqtdan beri kuzatilmaganini qayd etmoqda.
O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi ma’lumotlari esa suyultirilgan gazning ulgurji narxi so‘nggi savdo kunlarida keskin o‘zgarib turganini ko‘rsatadi.
Narxlar hafta davomida qanday o‘zgardi
17-iyul kuni suyultirilgan gazning kunlik o‘rtacha narxi tonnasiga 6 mln 654,3 ming so‘mni tashkil etib, oldingi savdoga nisbatan 6,3 ming so‘mga yoki 0,1 foizga pasaygan. Shu kuni 1128 tonna mahsulot sotilgan.

20-iyuldagi savdolarda narx 53,5 ming so‘mga yoki 0,8 foizga oshib, tonnasiga 6 mln 707,8 ming so‘mga yetgan. Sotuv hajmi 1068 tonnani tashkil qilgan. 21-iyul kuni esa o‘sish tezlashib, suyultirilgan gaz 365,1 ming so‘mga yoki 5,4 foizga qimmatlagan va tonnasiga 7 mln 72,8 ming so‘mdan sotilgan. Savdo hajmi bu kuni 752 tonna bo‘lgan.
22-iyulda narx yana pasayib, 234,8 ming so‘m yoki 3,3 foizga tushgan va tonnasiga 6 mln 838 ming so‘mni tashkil etgan. Birjada 1202 tonna suyultirilgan gaz sotilgan. 23-iyul kuni esa narx 246,9 ming so‘mga yoki 3,6 foizga ko‘tarilib, tonnasiga 7 mln 84,9 ming so‘mga yetgan. Sotuv hajmi 1484 tonnani tashkil etib, ko‘rib chiqilgan davrdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.
Shunday qilib, 17–23-iyul oralig‘ida suyultirilgan gazning birjadagi o‘rtacha narxi tonnasiga 430,6 ming so‘mga yoki qariyb 6,5 foizga oshgan. Shunga qaramay, 24-iyul kuni ayrim AYoQShlarda propanning chakana narxi 7 ming so‘mgacha pasaygani kuzatildi.
Birjadagi tonnalik ulgurji narx bilan shoxobchalardagi chakana narxni to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib bo‘lmaydi. Yakuniy narxga mahsulotni yetkazib berish, saqlash, sotuv xarajatlari va shoxobchalarning narx siyosati ham ta’sir qiladi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Qozog‘istonda neft qazib olish 21 foizga qisqargani haqida yozgan edi.