
Belarusning yirik korxona va tashkilotlari O‘zbekiston fuqarolari uchun yuzlab bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilmoqda. Loyiha doirasida fuqarolar nafaqat rasmiy ishga joylashishi, balki oila a’zolari bilan Belarusda yashash imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Qaysi sohalarga ishchilar kerak
Vakansiyalar qurilish, qishloq xo‘jaligi, traktor va yuk avtomobili haydovchiligi, o‘rmon xo‘jaligi, chorvachilik, ekskavator boshqarish, veterinariya, payvandlash hamda metallni qayta ishlash yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Nomzodning malakasi va tajribasiga qarab ish haqi oyiga $700 dan boshlanadi. Yuqori malakali mutaxassislar uchun bundan ham yuqori maosh taklif etiladi.
Yo‘l va yashash xarajatlari qoplanadi
Dasturda 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar qatnashishi mumkin. Haydovchilik va maxsus texnika bilan bog‘liq vakansiyalar uchun tegishli guvohnoma yoki malaka hujjati talab qilinadi. Rossiyaga kirish taqiqi qo‘yilgan fuqarolar esa dasturda ishtirok eta olmaydi.
Ish beruvchi Belarusga aviachipta yoki yo‘l xarajatlari, bepul turar joy hamda hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Migratsiya agentligi Belarusga mustaqil ravishda borgan fuqarolar munosib ish topishda qiyinchilikka duch kelishi mumkinligini bildirib, fuqarolarga agentlik orqali rasmiy tartibda ishga joylashishni tavsiya etdi. Qo‘shimcha ma’lumotni 1282 qisqa raqami orqali olish yoki maxsus onlayn anketa orqali murojaat qilish mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri Belarus yana 5 ming nafar o‘zbekistonlik ishchini jalb qilishi haqida yozgandi.