
Navbatdan tashqari attestatsiya va kasbiy sertifikat sinovlarida ishtirok etish uchun olinadigan to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi etib belgilandi. Navbatdagi majburiy attestatsiya va kasbiy sertifikatlash sinovlarida birinchi marta qatnashish esa bepul bo‘ladi.
Avval navbatdan tashqari pedagog kadrlar attestatsiyasi va kasbiy sertifikatlash sinovlariga murojaat yuborishda davlat xizmati uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi qaroriga asosan, endilikda ushbu yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Birinchi marta ishtirok etish bepul
Pedagog kadrlar attestatsiyasining navbatdagi majburiy sinovlari hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida birinchi marta ishtirok etish bepul bo‘ladi.
Bu tartib pedagoglar uchun attestatsiya va sertifikatlash jarayonlarida moliyaviy yukni kamaytirishga xizmat qiladi.
Murojaat qanday yuboriladi
Pedagoglar murojaatni pedagog.uzedu.uz platformasi orqali, Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborishi mumkin.
Hozirda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun murojaat yuborish davom etmoqda. Qabul 31-iyulgacha davom etadi.
Avgust-dekabr sinovlari uchun qabul 1-avgustdan boshlanadi
Avgust-dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun qabul 1-avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, endi ilmiy daraja uchun chet tili sertifikati talab qilinmaydi. 2027-yildan boshlab ilmiy darajalar berish jarayonida chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish (mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno) talabi, shuningdek, dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va himoya haqida e’lon berish tartibi bekor qilinadi.