Gadjetlar

Samsung Gemini sun’iy intellektli aqlli ko‘zoynakni taqdim etdi

Qurilma kamera, real vaqt tarjimoni va Gemini yordamchisi bilan ishlaydi
Samsung Gemini sun’iy intellektli aqlli ko‘zoynakni taqdim etdi
Foto: SamMobile

Samsung Galaxy Unpacked taqdimotida o‘zining yangi avlod aqlli ko‘zoynaklarini namoyish qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Qurilma Google’ning Gemini sun’iy intellekti bilan jihozlangan bo‘lib, kamera, ovozli boshqaruv va kengaytirilgan reallik (XR) imkoniyatlarini birlashtiradi.

Kundalik hayot va ish uchun mo‘ljallangan

Yangi aqlli ko‘zoynaklar Gentle Monster va Warby Parker kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Samsung ta’kidlashicha, qurilma kundalik foydalanish, ish uchrashuvlari, sayohatlar va ta’lim jarayonlarida foydalanuvchilarga qulaylik yaratishga qaratilgan.

Foto: Samsung

Ko‘zoynak Snapdragon AR1 Gen1 protsessori asosida ishlaydi. Dasturiy ta’minot Android XR platformasiga qurilgan bo‘lib, Google’ning Gemini sun’iy intellekt modeli bilan integratsiya qilingan.

Tarjima, navigatsiya va matnni ovozli o‘qish imkoniyati

Qurilma foydalanuvchi qarayotgan obyektlarni tahlil qilib, ular haqida ma’lumot bera oladi. Shuningdek, xorijiy tillardagi suhbatlarni real vaqt rejimida tarjima qiladi, xaritalar orqali navigatsiya ko‘rsatmalarini beradi, uzun xabarlarni qisqa mazmunda taqdim etadi va bosma matnlarni ovoz chiqarib o‘qiydi.

Foto: Samsung

Ko‘zoynak yana bir foydali funksiyaga ham ega. U uchrashuvdagi muhokamalar yoki doskadagi yozuvlarni yozib olib, keyinchalik ularni avtomatik ravishda qaydlar ko‘rinishiga keltiradi. Bundan tashqari, videomuloqot vaqtida kameradan jonli tasvir uzatish imkoniyati ham mavjud.

9 soat ishlaydi, narxi hozircha ochiqlanmadi

Foydalanuvchilar qurilmani ovozli buyruqlar yoki qo‘l imo-ishoralari orqali boshqarishi mumkin. Maxfiylikni ta’minlash maqsadida kamera yozuvni boshlaganda maxsus indikator yonadi.

Samsung ma’lumotiga ko‘ra, aqlli ko‘zoynak bir marta quvvatlanganda 9 soatgacha ishlaydi. Zaryadlash g‘ilofi esa qurilmani 7 martagacha to‘liq quvvatlay oladi.

Kompaniya hozircha aqlli ko‘zoynakning texnik tafsilotlari, narxi va sotuv boshlanish sanasini e’lon qilmagan. Google vakillarining aytishicha, yangi qurilma yaqin orada bozorga chiqarilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Watch 9 va Watch Ultra 2 aqlli soatlarini taqdim etgani haqida yozgandi.