Yangiliklar

Yakkasaroy obodonlashtirish boshqarmasi rahbari jarimaga tortildi

Tekshiruv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan o‘tkazildi
Yakkasaroy obodonlashtirish boshqarmasi rahbari jarimaga tortildi
Foto: Davlat mehnat inspeksiyasi

Davlat mehnat inspeksiyasi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Obodonlashtirish boshqarmasida mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganini aniqladi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xodimlarga zarur sharoit yaratilmagan

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoxabar asosida o‘tkazilgan o‘rganish davomida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan xodimlar uchun belgilangan tartibda xavfsiz va qulay mehnat sharoitlari yaratilmagani aniqlangan.

Tekshiruvda xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan talablar to‘liq ta’minlanmagani qayd etildi.

Rahbarga ma’muriy jazo qo‘llanildi

Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.

Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni xodimlar uchun xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini yaratish qonuniy majburiyat ekanini eslatib, bu boradagi nazorat ishlari davom ettirilishini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xodimlarni soat 10:00 – 17:00 oralig‘ida jamoaviy ishlarga jalb qilish taqiqlanishi haqida yozgandi.