
Markaziy Osiyoda 26 milliondan ortiq aholi qurgʻoqchilik ta’sirida yashamoqda. Mintaqadagi 152 million gektardan ziyod yer qurgʻoqchilik sharoitida qolgan. Bu haqda BMTning Ipak yoʻli karvonining Oʻzbekiston boʻylab safari va Samarqandda oʻtkazilgan Global ekologik jamgʻarmaning sakkizinchi assambleyasi yakunlariga bagʻishlangan materialida ma’lum qilindi.
152 mln gektardan ortiq yer qurgʻoqchilik ta’sirida
BMT ma’lumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo hududining 80 foizdan ortigʻini choʻl va dashtlar egallaydi. Mintaqa yerlarining kamida 20 foizi degradatsiyaga uchragan, qariyb 80 foiz hudud esa yaylov chorvachiligi uchun foydalaniladi.
Shu sababli yaylovlarning holati oziq-ovqat xavfsizligi, aholi daromadlari va iqlim oʻzgarishlariga bardoshlilikka bevosita ta’sir koʻrsatadi. Yerlarning degradatsiyasi tuproqning namlikni saqlash qobiliyatini pasaytirib, dehqonchilik va chorvachilik samaradorligiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Qurgʻoqchilik hozirda mintaqa aholisining yarmidan koʻpini turli darajada qamrab olgan. Suv tanqisligi va yaylovlarga ortiqcha bosim esa mavjud muammolarni yanada kuchaytirmoqda.
Oʻzbekistonda 5 ming gektar yerda yangi loyiha boshlanadi
Samarqandda oʻtkazilgan Global ekologik jamgʻarma assambleyasida Oʻzbekistonda yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashishga qaratilgan uch yillik tashabbus boshlangan.
«Oʻzbekistonda iqlimga chidamlilik va yer resurslarini barqaror boshqarish uchun uglerodli dehqonchilik» loyihasi doirasida 5 ming gektar hududda dastlabki ma’lumotlar toʻplanadi. Unda mingga yaqin mayda fermer, yaylov chorvadori va oʻrmon xoʻjaligi vakili ishtirok etadi.
Loyiha tuproq holatini yaxshilash, yerlar degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishish va iqlim oʻzgarishlariga chidamlilikni oshirishga xizmat qiladigan uglerodli dehqonchilik usullarini sinovdan oʻtkazishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo togʻ ekotizimlarini muhofaza qilish boʻyicha mintaqaviy loyiha uchun $5,4 mln ajratilishi ma’qullandi. Suv va yer resurslarini oʻzaro bogʻliq holda barqaror boshqarishga qaratilgan yana bir mintaqaviy dastur hajmi esa $26 mlnni tashkil etadi.
Yashil hududlar ulushi 30 foizga yetkaziladi
BMT Oʻzbekistonda mamlakatni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilayotganini ham qayd etdi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatini ekish rejalashtirilgan. 2030-yilga borib mamlakatdagi yashil hududlar ulushini hozirgi 15 foizdan 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.
BMT materialida Samarqand, Jizzax va Toshkent hududlarida yaylovlarni tiklash, pista plantatsiyalarini kengaytirish, toʻqay oʻrmonlarini himoya qilish hamda shoʻrlangan yerlarga mos oʻsimliklarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar ham keltirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan norasmiy bandlik O‘zbekiston mehnat bozoridagi asosiy muammolardan biri ekani haqida xabar bergan edi.