Yangiliklar

Oliy Majlis Senati raisi “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi

24-iyul kuni prezident farmoni qabul qilindi
Foto: Senat

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda 24-iyul kuni prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga koʻra, Narbayeva davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi koʻp yillik samarali mehnati, parlament faoliyatini rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishdagi xizmatlari uchun taqdirlangan.

Farmonda uning milliy davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatda inson qadrini ulugʻlash, ayollarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosiga katta hissa qoʻshgani qayd etilgan. Shuningdek, Narbayevaning yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoʻlidagi faoliyati va mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtiroki eʼtirof etilgan.

Biografiyasi

Tanzila Narbayeva 1956-yil 24-iyulda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tugʻilgan. U 1981-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1974-yilda maktab tizimida boshlagan, keyinchalik Toshkent shahridagi taʼlim muassasalarida oʻqituvchi, direktor oʻrinbosari va oʻquvchilar saroyi direktori lavozimlarida ishlagan.

Narbayeva 1995–2010-yillarda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2010–2016-yillarda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga rahbarlik qilgan. 2016-yilda bosh vazir oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi etib tayinlangan va ushbu lavozimda 2019-yilgacha ishlagan.

U 2019-yil iyunida Oliy Majlis Senati raisi etib saylangan va parlament yuqori palatasini boshqargan ilk ayol boʻlgan. Narbayeva 2024-yil noyabrida yangi chaqiriq Senat raisi lavozimiga yana saylandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oybek Kasimov «Oʻzbekiston belgisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edi.