
Oʻzbekiston bank sektorining sof foydasi 2026-yilning birinchi yarim yilligida 10,99 trln soʻmga yetdi. Bu 2025-yilning mos davridagi 6,51 trln soʻmga nisbatan 68,9 foizga koʻp, deyiladi Markaziy bank hisobotida.
Ma’lum qilinishicha, 1-iyul holatiga banklarning soliq toʻlashdan oldingi foydasi ham 59,2 foizga oshib, 7,88 trln soʻmdan 12,54 trln soʻmga yetgan. Daromad soligʻi boʻyicha xarajatlar esa 12,9 foizga koʻpayib, 1,55 trln soʻmni tashkil etgan.
Shuningdek, banklarning foizli daromadlari bir yil ichida 19,3 foizga oshib, 71,79 trln soʻmga yetdi. Shu davrda foizli xarajatlar 22,4 foizga koʻpayib, 51,51 trln soʻmni tashkil etdi. Natijada foiz marjasi 12 foizga oʻsib, 20,28 trln soʻmga chiqdi.
Sektor moliyaviy natijasining yaxshilanishiga foizsiz daromadlarning keskin oshishi ham taʼsir koʻrsatgan. Ushbu koʻrsatkich 58,5 foizga koʻpayib, 52,16 trln soʻmga yetdi. Foizsiz xarajatlar esa 38,8 foizga oshib, 16,35 trln soʻmni tashkil qildi. Foizsiz operatsiyalardan olingan sof daromad 7,9 trln soʻmdan 18,98 trln soʻmga, yaʼni 2,4 baravarga yaqin oshgan.
Banklarning operatsion xarajatlari 27,2 foizga koʻpayib, 16,83 trln soʻmga yetdi. Kreditlar va lizing boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlar bahosi 42,3 foizga oshib, 18,88 trln soʻmni, kredit bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻqotishlar bahosi esa 7,84 trln soʻmni tashkil etdi.
Foydaning oʻsishi banklar rentabelligida ham aks etdi. Aktivlar rentabelligi — ROA 2 foizdan 2,6 foizga, kapital rentabelligi — ROE esa 10,8 foizdan 15,5 foizga koʻtarildi. Sof foiz marjasi 4,5 foizdan 5,1 foizga oshgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston banklari 2026-yilni qanday boshlagani haqida xabar bergan edi.