
Oʻzbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan shartnomasini uzaytirdi. Yangi kelishuvga koʻra, futbolchi 2031-yilgacha Angliya klubida qoladi, deb xabar berdi «Shaharliklar» matbuot xizmati.
Dastlabki shartnoma 2029-yilgacha edi
Husanov «Manchester Siti» safiga 2025-yil yanvarida Fransiyaning «Lans» klubidan kelib qoʻshilgan. Oʻshanda tomonlar 2029-yil yozigacha moʻljallangan toʻrt yarim yillik shartnoma imzolagan edi. Yangi bitim futbolchining klubdagi muddatini yana ikki yilga uzaytirdi.
Klub Husanov Manchesterga kelganidan keyingi 18 oy davomida jamoaning muhim futbolchilaridan biriga va muxlislar sevimlisiga aylanganini taʼkidladi. Oʻzbekistonlik himoyachi 2025/26-yilgi mavsumda «Manchester Siti» bilan Angliya kubogi va Liga kubogini qoʻlga kiritdi.

Mareska davridagi ilk muhim qarorlardan biri
Husanov bilan shartnomaning yangilanishi Enso Mareska «Manchester Siti» bosh murabbiyi lavozimiga kelganidan keyingi dastlabki muhim kadrlarga oid qarorlardan biri boʻldi. Italiyalik mutaxassis Pep Gvardiolaning oʻrnini egallagan va klub bilan 2029-yilgacha shartnoma tuzgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov jahon chempionatida qanday harakat qilgani haqida yozgan edi.