Yangiliklar

Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari uchun viza rejimi taklif qilindi

Tashabbus bilan Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov chiqdi
Foto: Curly Tales

Rossiya Davlat dumasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan viza rejimini joriy etish va migratsiya siyosatini yanada qatʼiylashtirish taklif qilindi. Tashabbus bilan Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov chiqdi.

Deputatning fikricha, Crocus City Hallʼdagi teraktdan keyin migratsiya qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlarga qaramay, amaldagi choralar yetarli emas.

«Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini joriy etish mumkin deb hisoblaymiz. Hech boʻlmasa, Belarusdagi tamoyil asosida ishlaylik», — dedi Mironov.

U xorijiy ishchilarni jalb qilishda Belarus modelidan foydalanishni taklif etdi. Unga koʻra, ish beruvchi avval zarur ishni mahalliy aholi orasidan bajaradigan xodim topilmaganini isbotlashi kerak. Shundan keyingina Rossiyaga aniq bir ishni bajarish uchun xorijlik erkaklar jalb qilinishi, ularga oila aʼzolarini olib kelish imkoniyati berilmasligi lozim.

Mironov Rossiyaga kirib kelayotgan xorijliklarning faqat bir qismi ishlash maqsadida kelayotganini ham taʼkidladi.

«Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, kelayotganlarning 45 foizi ishlash niyatida. Qolgan 55 foizi nima uchun kelmoqda? Ular oilalari va rus tilini bilmaydigan, keyinchalik maktabga boradigan bolalarini olib kelmoqda. Shu sababli migrant bolalar uchun rus tilidan majburiy imtihon joriy etilishini mutlaqo toʻgʻri deb hisoblayman», — dedi u.

Deputat jinoyat sodir etgan xorijiy fuqarolarga nisbatan javobgarlikni ham kuchaytirishni taklif qildi. Uning fikricha, qonunni buzgan migrant qatʼiy javobgarlikka tortilishi, uning oila aʼzolari esa Rossiyadan chiqarib yuborilishi kerak.

Bundan tashqari, Mironov xorijiy fuqarolarning ishlashi taqiqlangan iqtisodiy sohalar roʻyxatini kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi. Unga koʻra, bunday cheklovlar Rossiya hududlarining yarmidan koʻpida allaqachon amal qilmoqda va ularni federal darajada ham joriy etish lozim.

Deputat aralash yakkakurash klublaridagi migrantlar soniga oid xavotirlarini ham bildirdi. Uning aytishicha, Rossiyaning ayrim hududlaridagi MMA klublarida xorijliklar koʻpchilikni tashkil qiladi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonliklarga Belarusda oilasi bilan ishlash imkoniyati yaratilgani haqida xabar bergan edi.