
Rasmiy taqdimotidan oldin Poco M8 Power smartfonining texnik tavsiflari internetga sizdirildi. Bu haqda Poco India nashri X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Qurilma 8000 mA/soat sig‘imli batareya, Snapdragon 4 Gen 4 protsessori va olti yil davom etadigan dasturiy ta’minot qo‘llab-quvvatlovi bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Katta ekran va sig‘imli batareya
Insayder Yogesh Brarning ma’lumotlariga ko‘ra, Poco M8 Power 6,9 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlanadi. Ekran 120 Gs yangilanish chastotasi va 1800 nitgacha maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfonning asosiy afzalliklaridan biri 8000 mA/soat sig‘imli batareya bo‘lib, u 45 vattli tezkor simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Snapdragon 4 Gen 4 protsessori
Qurilma Qualcomm’ning Snapdragon 4 Gen 4 protsessorida ishlaydi. Shuningdek, unda LPDDR4X operativ xotira va UFS 2.2 standartidagi ichki xotira qo‘llanilishi aytilmoqda.
Old kamera 8 megapiksel, asosiy kamera esa 50 megapiksel bo‘ladi.
Olti yil yangilanish oladi
Smartfon HyperOS 3 operatsion qobig‘i bilan taqdim etilishi kutilmoqda. U to‘rtta yirik Android yangilanishini oladi, xavfsizlik yangilanishlari esa olti yil davomida chiqariladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Poco M8 Power IP65 standarti bo‘yicha chang va suv sachrashidan himoyaga ega bo‘ladi. Shuningdek, qurilmada infraqizil port (IR-blaster) ham bo‘lishi aytilmoqda. Smartfon uch xil rangda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Hozircha Poco M8 Power’ning rasmiy taqdimot sanasi va narxi e’lon qilinmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Poco F9 Ultra smartfoni qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgandi.