Yangiliklar

Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma ishchi guruh tuzadi

Moskvada Vengriyaning MVM EGI Zrt. kompaniyasi vakillari bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma ishchi guruh tuzadi
Foto: O’zatom

«O‘zatom» agentligi va AES qurilishi direksiyasi delegatsiyasi Moskvada «Rosatom» vakillari bilan Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasini muhokama qildi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Tomonlar loyiha hujjatlari ekspertizasini muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.

Loyiha hujjatlari ekspertizasi muhokama qilindi

22–23-iyul kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda «Rosatom» davlat korporatsiyasining kapital qurilish bo‘yicha direktori Dmitriy Volkov hamda Tarmoq kapital qurilish markazi vakillari ishtirok etdi.

Foto: O’zatom

Tomonlar Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi va milliy mutaxassislar salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Qo‘shma ishchi guruh tashkil etiladi

Muzokaralar yakunida loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida hamkorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Foto: O’zatom

Mazkur guruh ikki tomon o‘rtasidagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda ekspertiza xulosalarini olish bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etishga xizmat qiladi.

Atom sanoati kompaniyalari bilan hamkorlik muhokama qilindi

Foto: O’zatom

O‘zbekiston delegatsiyasi Atom sanoati qurilish kompleksi tashkilotlari assotsiatsiyasi rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda assotsiatsiyaga a’zo kompaniyalar bilan O‘zbekiston hududida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Vengriya bilan hamkorlik davom etmoqda

Moskvada Vengriyaning MVM EGI Zrt. kompaniyasi vakillari bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda quruq gradirnyalarni barpo etish bo‘yicha yaqin istiqboldagi amaliy qadamlar belgilab olindi.

Foto: O’zatom

«O‘zatom»ga ko‘ra, mazkur uchrashuvlar Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini barpo etish loyihasini samarali amalga oshirishga qaratilgan izchil ishlarning davomi hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Mirziyoyev va Putin O‘zbekistonda AES qurilishiga start bergani haqida yozgandi.