
26-iyul kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shimol, janub va cho‘l hududlarining ayrim joylarida havo harorati 42 darajagacha ko‘tariladi, kuchli shamol esa chang-to‘zonlarni yuzaga keltirishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Unga ko‘ra, 26-iyul kuni respublika bo‘ylab kunduzi yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi, cho‘l hududlarida esa 13–18 m/s gacha kuchayib, ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.
Havo harorati aksariyat hududlarda 34–39 daraja bo‘ladi. Shimol, janub va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa harorat 40–42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida ham yog‘ingarchilik prognoz qilinmaydi. Shamol 3–8 m/s tezlikda esadi, havo harorati 37–39 darajani tashkil etadi.
Tog‘li hududlarning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Bu hududlarda shamol 7–12 m/s tezlikda esadi, harorat 26–31 daraja atrofida bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri dam olish kunlari o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutayotgani haqida yozgandi.