
Prezident energetika sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini keskin tanqid qilib, amaldagi ta’lim amaliyot talablariga javob bermayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan yonilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini bir oy ichida to‘liq yangilash topshirildi.
«Bitiruvchining ishga kirishib ketishiga 2-3 yil ketyapti»
Yig‘ilishda davlat rahbari iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun barcha sohalarda, ayniqsa, energetikada zamonaviy mutaxassislar zarurligini qayd etdi.
«Ochig‘i, ta’lim amaliyot bilan bog‘lanmagani uchun bitiruvchining ishga kirishib ketishiga 2-3 yil ketyapti», – dedi prezident.
Hozirda mamlakatdagi 25 ta texnika oliygohida energetika yo‘nalishi bo‘yicha yiliga 5,5 ming mutaxassis tayyorlanmoqda.
Dual ta’lim kengaytiriladi
Mas’ullarga bir oy muddatda yonilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash topshirildi. Shuningdek, 1-sentabrgacha laboratoriyalar va o‘quv poligonlarini zamonaviy talablarga moslashtirish ishlari boshlanadi.
Yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining esa barchasi dual ta’lim tizimiga o‘tkaziladi.
Yangi kasblarga talab ortmoqda
Yig‘ilishda yaqin 2-3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalari, elektr zaryadlash uskunalari kabi yo‘nalishlarda minglab mutaxassislarga ehtiyoj yuzaga kelishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi bilan hamkorlikdagi tajriba kengaytiriladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi bittadan texnikumda ham zamonaviy energetika mutaxassislarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangiyo‘l 1-oktabrgacha elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirilishi haqida yozgandi.