
Energetika sohasidagi tayinlovlar, tibbiyot xodimlari farzandlari uchun kontrakt subsidiyasi — 27-iyul kuni e’lon qilingan yangiliklar «Kursiv» dayjestida.
Xorijiy va nodavlat OTMlar uchun qancha davlat granti ajratildi

2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat grantlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i e’lon qilindi.
Grantlar uchun alohida test sinovlari o‘tkaziladi. 2026/2027-o‘quv yili uchun respublikadagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga 1 452 ta davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.
Sherzod Xodjayev energetika vaziri lavozimiga tayinlandi

Prezidentning tegishli farmoni bilan Sherzod Xodjayev energetika vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xodjayev Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimidan, Jo‘rabek Mirzamahmudov esa energetika vaziri lavozimidan ozod etilgan.
Karpov uch nomzod orasida Turlovni favorit deb atadi

Shaxmat bo‘yicha 12-jahon chempioni Anatoliy Karpov Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlovni Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE rahbarligi uchun bo‘ladigan saylovning asosiy favoriti deb hisoblamoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
FIDE prezidentligi uchun uch nafar nomzod ariza topshirgan. Ular germaniyalik Yan Henrik Byuttner va Vadim Rozenstayn hamda Timur Turlovdir. Turlov o‘z jamoasida FIDE prezidenti o‘rinbosari lavozimiga 15-jahon chempioni Vishvanatan Anand nomzodini ko‘rsatgan. Saylov 2026-yil 26-sentabr kuni Samarqandda o‘tkaziladigan FIDE Bosh assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tadi.
Tibbiyot xodimlari farzandlari uchun kontrakt subsidiyasi ishga tushdi

Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ishlagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun oliy ta’lim kontraktining bir qismini qoplab berish tizimi ishga tushdi. Subsidiya yillik to‘lov-shartnoma summasining 30 foizini qoplaydi, biroq bu miqdor BHMning 15 baravaridan oshmaydi.
Subsidiya davlat tibbiyot muassasasida hozir ishlayotgan va kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlarining farzandlariga beriladi.
O‘zbekistonda aviakompaniyalar xavflilik darajasiga ko‘ra toifalarga bo‘linadi: tizim qanday ishlaydi

O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish uchun «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqaro aviatsiyasi sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatik ravishda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Chet elga ishga yuborish bo‘yicha to‘rtta firibgarlik fosh etildi

O‘zbekistonning bir necha hududida fuqarolarni Kanada, Yaponiya, Slovakiya va Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departamentning Buxoro tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro to‘rt nafar shaxsning ishonchiga kirib, ularni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Kanadaga ishga yuborishni va’da qilgani aniqlangan. U buning evaziga $5 ming talab qilib, kelishilgan mablag‘ning $3 ming qismini firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Ro‘yxatdan o‘tmagan xorijliklarni joylashtirganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin
O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan joylashtirgan tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22-iyuldagi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi migratsiya tartiblarini takomillashtirishga qaratilgan
Deputatlar «Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Jazirama qaytmoqda: hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi

O‘zbekistonda 27-iyuldan 1-avgustgacha asosan quruq va issiq ob-havo saqlanib qoladi. Ayrim hududlarda havo harorati 42 darajagacha ko‘tarilishi, shamol kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» ma’lum qildi.
27-iyul kuni respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat 34–39 darajani, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida ayrim joylarda 40–42 darajani tashkil etadi. Shimol va cho‘l hududlarida shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi mumkin.
Shohjahon Ergashev Shahram G‘iyosovni jangga chorladi

O‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev hamyurti Shahram G‘iyosovni jangga chaqirib, bu uning so‘nggi taklifi ekanini ma’lum qildi. Ergashev bellashuvni 66,7 kg vazn toifasida o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
«Menga yarim soat vaqt beringlar: Qo‘qondagi choyxonaga kirib, ovqatlanib chiqaman va istalgan uslubda jang qilaveraman. Qo‘lqopni shu yerga beringlar, men tayyorman. Shahram, kel, shu jangni o‘tkazamiz. Bu senga so‘nggi chaqiruvim. Xohlasang, 66,7 kg vaznda jang qilamiz. Men ilgari 60,5 kg vaznda ringga chiqqanman, hozir esa vaznimni 66,5 – 66,7 kg gacha ko‘tardim», — degan bokschi.
O‘zbekistonda yarim yilda 2,3 mingta YTH qayd etildi
2026-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonda 2,3 mingta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ushbu hodisalar oqibatida 3,3 ming kishi jabrlangan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar orasida eng ko‘p yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahrida qayd etilgan – 420 ta.