Yangiliklar

Chet elga ishga yuborish bo‘yicha to‘rtta firibgarlik fosh etildi

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Chet elga ishga yuborish bo‘yicha to‘rtta firibgarlik fosh etildi
Rasm: SI

O‘zbekistonning bir necha hududida fuqarolarni Kanada, Yaponiya, Slovakiya va Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Departamentning Buxoro tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro to‘rt nafar shaxsning ishonchiga kirib, ularni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Kanadaga ishga yuborishni va’da qilgani aniqlangan. U buning evaziga $5 ming talab qilib, kelishilgan mablag‘ning $3 ming qismini firibgarlik yo‘li bilan olgan.

Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir shaxsga Yaponiyaga borish uchun viza hujjatlarini tayyorlab berishni va’da qilib, undan $1 ming olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Slovakiya va Germaniya xayolidagi firibgarlik

Uychi tumanida esa Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limining bosh mutaxassisi fuqaroni $1,5 ming evaziga Slovakiyaga ishga yuborishni va’da qilgan. U kelishilgan mablag‘ hisobidan 3,3 mln so‘mni qo‘lga kiritgani aniqlangan. Tekshiruv davomida ushbu pulning qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tekshiruvda esa MChJ mas’ul shaxslari fuqaroni Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilib, undan 8 mln so‘m olgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri qariyb 9 kg giyohvandlik vositasi musodara qilingani haqida yozgan edi.