
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yonilg‘i-energetika tarmog‘ining kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida soha tanqid qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Qonun va qarorlar qabul qilinib, xususiy sektor hamda xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Prezident investorlar bilan bir necha bor shaxsan uchrashib, ularning takliflarini tinglagani, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoit va kafolatlar berilganini qayd etdi.

Natijada energetika tarmog‘iga $23 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinib, hududlarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi. Shu orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradigan quvvatlar yaratildi.
So‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini yangilashga 30 trln so‘m ajratildi. Bu oldingi 25 yil davomida sohaga yo‘naltirilgan mablag‘dan olti baravar ko‘pdir.
«Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!» — degan prezident.
Avvalroq «Kursiv» Sherzod Xodjayev energetika vaziri lavozimiga tayinlangani haqida yozgan edi.