Yangiliklar

Hormuz bo‘g‘ozida neft tankeri minaga urildi

Hozircha tankerning nomi va qaysi davlatga tegishli ekani rasman oshkor qilinmagan
Hormuz bo‘g‘ozida neft tankeri minaga urildi
Foto: Shutterstock

26-iyul kuni Hormuz bo‘g‘ozida neft tankeri dengiz minasiga urilgani aytilmoqda. Bu haqda Eron Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, tanker Eron tomonidan belgilangan xavfsiz yo‘nalishdan chetga chiqqanidan so‘ng minaga to‘qnashgan. Hodisa oqibatida kemada portlash yuz bergan.

«Bir soatcha oldin Hormuz bo‘g‘ozida Eron belgilagan yo‘nalishdan chetga chiqqan neft tashuvchi tanker dengiz minasiga urilib portladi,» deyiladi xabarda.

Hozircha tankerning nomi, qaysi davlatga tegishli ekani, yetkazilgan zarar miqdori va ekipaj a’zolari orasida jabrlanganlar bor-yo‘qligi rasman oshkor qilinmagan.

Hodisa qachon yuz berdi

Voqea AQShning Eron harbiy obyektlariga qarshi ikki hafta davom etgan havo zarbalarini vaqtincha to‘xtatgani va Eron ham Fors ko‘rfazi davlatlari infratuzilmasiga hujumlarni qisqa muddatga to‘xtatgani fonida yuz berdi.

Shu bilan birga, Eron Ummon vositachiligida Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligini nazorat qiluvchi mintaqaviy konsorsium tuzish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Tehron bo‘g‘ozdan o‘tadigan barcha kemalar uchun majburiy tranzit to‘lovlarini joriy etishni ham talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri neft narxi may oyidan beri ilk bor 100 dollardan oshgani haqida yozgan edi.