Gadjetlar

Huawei kompaniyasi yangi qurilma chiqarishi mumkin

Taqdimot keyingi hafta o‘tkazilishi ehtimoli bor
Huawei kompaniyasi yangi qurilma chiqarishi mumkin
Foto: Huawei

Huawei kompaniyasi avgust oyining boshida yirik taqdimot o‘tkazib, yangi smartfon, aqlli soat, yengil noutbuk va o‘yinlar uchun mo‘ljallangan quloqchinni namoyish etishi mumkin. Bu haqda Huaweicentral ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, taqdimot keyingi hafta o‘tkazilishi ehtimoli bor. Unda Huawei Nova 16 SE smartfoni, Watch GT 7 aqlli soatlari, o‘ta yengil kompyuter hamda geymerlar uchun yangi audioqurilma ko‘rsatilishi mumkin. Kompaniya tadbir sanasi va mahsulotlar ro‘yxatini hozircha rasman tasdiqlamagan.

Qanday qurilmalar bor

Nova 16 SE yaqinda taqdim etilgan Nova 16 turkumining nisbatan hamyonbop modeli bo‘lishi kutilmoqda. Smartfon turkumdagi boshqa qurilmalardan dizayni va ayrim texnik xususiyatlari bilan farq qilishi mumkin, biroq uning to‘liq tavsiflari hozircha oshkor qilinmagan.

Huawei Watch GT 7 turkumi esa salomatlik va jismoniy faollikni kuzatish funksiyalarini yaxshilashi, sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Yangi avlod soatlarida dizayn va ichki komponentlar ham yangilanishi kutilmoqda.

Kompaniya og‘irligi taxminan 700 gramm bo‘lgan MateBook noutbukini ham tayyorlayotgani aytilmoqda. Ushbu ma’lumot tasdiqlansa, qurilma bozordagi eng yengil noutbuklardan biriga aylanadi. Model avvalroq Xitoyning 3C sertifikatlash bazasida ham qayd etilgani xabar qilingan.

Bundan tashqari, Huawei geymerlar uchun yangi quloqchin yoki mavjud audioqurilmaning maxsus versiyasini taqdim etishi mumkin. Kompaniyaning bir qator yangi planshetlari, kompyuterlari va aqlli soatlari so‘nggi vaqtlarda NearLink hamda 3C ma’lumotlar bazalarida paydo bo‘lgan. Ularning qaysilari avgustdagi tadbirda namoyish etilishi hozircha noma’lum.

Avvalroq «Kursiv» Huawei 10 000 mA/soat batareyali smartfon tayyorlayotgani aytilgani haqida yozgan edi.