
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida energetika tizimidagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri va «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. «Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga esa yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Natija bo‘lmasa, ular ham ishdan ketishi haqida ogohlantirildi.
Tarmoqdagi yo‘qotishlar 17,2 foizga yetgan
Yig‘ilishda ayrim hokimlarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha aniq hisob-kitob yo‘qligi tanqid qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 17,2 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan olti oyda 4,8 mlrd kVt/soat elektr energiyasi yo‘qotilgan.
Andijon shahri, Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanida yo‘qotishlar 25 foizdan yuqori ekani qayd etildi.
Hisoblagichlar ma’lumot uzatmayapti
ASKUE va ASKUG tizimlari joriy qilinganiga to‘rt yildan oshgan bo‘lsa-da, aholi xonadonlariga o‘rnatilgan 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich tarmoqqa ma’lumot uzatmayapti.
Shu sabab ayrim hududlarda debitor qarzdorlik kamayish o‘rniga ortib borayotgani aytildi.
Energiya samaradorligi bo‘yicha yondashuv tanqid qilindi
Yig‘ilishda ko‘plab rahbarlar samaradorlik deganda faqat quyosh paneli o‘rnatishni tushunayotgani tanqid qilindi.
Qayd etilishicha, uy energiya samarador bo‘lmasa, sarflangan mablag‘ kutilgan natijani bermaydi.
Surxondaryodagi stansiya joyi noto‘g‘ri tanlangani aytildi
Surxondaryodagi bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi uchun joy noto‘g‘ri tanlangani ham tanqid qilindi.
Gazni stansiyaga yetkazish uchun $300 mln sarflashga to‘g‘ri kelayotgani bildirildi. Tashabbuskor bilan tuzilgan shartnoma shartlari yetarlicha puxta o‘rganilmagani qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishi xavfini keltirib chiqargan. Mas’ullarga shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Yangi rahbarlardan yangicha ish uslubi talab qilindi
Yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, «Hududiy elektr tarmoqlari»ning yangi rahbari Sardor Isaqulov va Energiya inspeksiyasining yangi boshlig‘i Axad Isoqjonov bugundan boshlab yangicha ish uslubini joriy qilishi kerakligi ta’kidlandi. Prezident hokimlar ham energetika masalalarida chetda turmasligi kerakligini aytdi.
«Hokimlar ham ‘Bu energetiklarning ishi’ deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident energetika tizimidagi muammo mablag‘da emas, boshqaruvda ekanligini aytgandi.