Sport

Lamin Yamal qiyin o‘tgan bolaligi haqida so‘zlab berdi

Lamin Yamal qiyin o‘tgan bolaligi haqida so‘zlab berdi
Foto: ZUMA Press Wire

«Barselona» va Ispaniya terma jamoasi hujumchisi Lamin Yamal bolalik yillari, oilasi duch kelgan moliyaviy qiyinchiliklar hamda onasining hayotidagi o‘rni haqida gapirdi. Bu haqda Goal nashri ma’lum qildi.

Futbolchi Barselona yaqinidagi Rokafonda hududida kamtarona sharoitda ulg‘aygan. Uning onasi restoranda ishlab, moddiy imkoniyatlar cheklanganiga qaramay, o‘g‘lini zarur narsalar bilan ta’minlashga harakat qilgan.

Yamalning so‘zlariga ko‘ra, oilada mablag‘ ko‘p bo‘lmagan, biroq bayram kunlari ular o‘zlarini juda baxtli his qilgan. Bir safar onasi unga PlayStation sovg‘a qilgan. Futbolchi bugun onasiga qanchalik qimmat sovg‘a bermasin, bu uning bolaligida ko‘rsatgan mehr va fidoyiligiga tenglasha olmasligini ta’kidladi.

Foto: Instagram/ @sheila_ebana

«Bolaligim dunyodagi eng yaxshi bolalik bo‘lmagandir. Ammo onam hayotning faqat go‘zal tomonlarini ko‘rishim va bolaligimdan zavqlanishim uchun hamma narsani qildi», — dedi Yamal.

Uning aytishicha, onasi oiladagi muammolarni farzandiga bildirmaslikka, uni tashvishlardan imkon qadar himoya qilishga harakat qilgan. Shu sababli futbolchi onasini hayotidagi eng katta namuna, eng qadrli inson va o‘zining «qirolichasi» deb ataydi.

Foto: Instagram/ @sheila_ebana

Futbolchi haqida

Lamin Yamal Nasraui Ebana 2007-yil 13-iyulda Ispaniyaning Esplugas-de-Lobregat shahrida tug‘ilgan. U yetti yoshida mahalliy CF La Torreta jamoasidan «Barselona» akademiyasiga o‘tgan va La Masiyada o‘z avlodidagi eng istiqbolli futbolchilardan biri sifatida tez rivojlangan. Yamal asosan o‘ng qanot hujumchisi sifatida o‘ynaydi, biroq markaziy hujumchi va hujumkor yarim himoyachi vazifalarini ham bajara oladi.

Foto: Instagram/ @lamineyamal

U «Barselona»ning asosiy jamoasidagi debyutini 2023-yil 29-aprelda «Real Betis»ga qarshi uchrashuvda o‘tkazgan. O‘sha paytda futbolchi 15 yosh-u 291 kunlik bo‘lib, klub tarixida rasmiy o‘yinda maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylangan. Keyinchalik u La Liga, Chempionlar ligasi va «El-Klasiko»da bir qator yosh rekordlarini yangiladi.

Yamal Ispaniya terma jamoasidagi ilk uchrashuvini 2023-yil sentabrda Gruziyaga qarshi o‘tkazib, debyutidayoq gol urgan. U 2024-yilgi Yevropa chempionatida Ispaniya bilan bosh sovrinni qo‘lga kiritdi va musobaqaning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Fransiyaga qarshi yarim finaldagi goli orqali 16 yosh-u 362 kunligida Yevropa chempionatlari tarixidagi eng yosh to‘purarga ham aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lamin Yamalning avtomobillar kolleksiyasida qanday modellar borligi haqida yozgan edi.