Sport

Lionel Messi o‘rnini kim egallaydi — tafsilotlar

Lionel Messi o‘rnini kim egallaydi — tafsilotlar
Foto: ABC News

«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi va uning jamoadoshi Rodrigo de Pol 2026-yilgi MLS yulduzlar o‘yinida qatnashmaydi. Ularning o‘rniga chaqirilgan futbolchilar nomini AQSh va Kanada oliy futbol ligasi rasman e’lon qildi, deb xabar berdi Marca.

MLS yulduzlari va Meksikaning Liga MX yulduzlari o‘rtasidagi uchrashuv 29-iyul kuni AQShning Sharlott shahridagi «Bank of America» stadionida o‘tkaziladi. Messi o‘rniga «Inter Mayami» yarim himoyachisi Yannik Brayt, de Pol o‘rniga esa «Vankuver Uaytkaps» vakili Andres Kubas tarkibga kiritildi.

Shuningdek, MLS yana ikkita o‘zgarishni tasdiqladi. «Xyuston Dinamo» hujumchisi Gilerme Mbekeze­li Mbokazining, «Chikago Fayr» futbolchisi Filip Sinkernagel esa Ugo Kuypersning o‘rnini egallaydi.

Messi va de Pol futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionatida Argentina terma jamoasi safida finalgacha yetib borgani sababli ularga qo‘shimcha dam olish va tiklanish uchun vaqt berilgan. Argentina hal qiluvchi uchrashuvda Ispaniyaga qo‘shimcha vaqtda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, kumush medallar bilan kifoyalandi.

MLS yulduzlar o‘yini haqida

MLS yulduzlar o‘yini – AQSh va Kanadaning oliy futbol ligasi hisoblangan Major League Soccer tomonidan har yili tashkil etiladigan ko‘rgazmali uchrashuv. Unda mavsum davomida ajralib turgan futbolchilar bitta jamoaga birlashtirilib, boshqa yulduzlar jamoasi yoki taklif etilgan kuchli klubga qarshi maydonga tushadi.

Turnir ilk bor 1996-yilda o‘tkazilgan. Dastlab Sharq va G‘arb konferensiyalari futbolchilari o‘zaro bahslashgan, keyinchalik MLS yulduzlari AQSh terma jamoasi, Yevropaning «Chelsi», «Manchester Yunayted», «Bavariya», «Real Madrid», «Yuventus» va «Arsenal» kabi klublariga qarshi o‘ynagan.

Foto: Lapresse

Nimalar ma’lum

Marca ma’lumotiga ko‘ra, Messi musobaqa davomida sakkizta gol urgan. Bu turnir uning faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. «Inter Mayami» Messi va de Polni avgust oyining boshida yoki o‘rtalarida yana maydonda ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Messi qatnashmasa-da, MLS yulduzlari tarkibida Son Xin Min, Tomas Myuller, Evander, Karles Xil va Xani Muxtor kabi taniqli futbolchilar bor. Hujum chizig‘ida Son Xin Min bilan birga Sem Serrij, Petar Musa, Anders Drayer, Julian Xoll, Gilerme va Filip Sinkernagel to‘p surishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Messi avtokolleksiyasida nimalar borligi haqida yozgan edi.