Yangiliklar

Mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlar har oy rag‘batlantiriladi

Arizalar 20-avgustgacha qabul qilinadi
Mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlar har oy rag‘batlantiriladi
Foto: UzReportNews

Mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan o‘zini o‘zi band qilgan trenerlarni sport maktablariga biriktirish va ularni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda hukumat qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, belgilangan talablarni bajargan trenerlarga har oy bazaviy tarif stavkasi miqdorida rag‘bat puli to‘lanadi.

Arizalar 20-avgustgacha qabul qilinadi

Yangi nizomga muvofiq, mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan o‘zini o‘zi band qilgan trenerlar har yili 20-avgustga qadar ixtiyoriy ravishda sport maktablariga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Arizada sport to‘garagining manzili, sport inshootining maydoni va sig‘imi, mavjud sport turlari, shug‘ullanuvchi sportchilar haqidagi ma’lumotlar hamda trenerning malaka oshirganini tasdiqlovchi sertifikat ko‘rsatilishi lozim.

Har bir sport maktabiga 5 nafargacha trener biriktiriladi

Sport maktablari ariza kelib tushganidan so‘ng 5 ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi va trenerni sport maktabiga biriktirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Bunda har bir tuman (shahar) sport maktabi ko‘pi bilan 5 nafargacha trenerni biriktirish huquqiga ega bo‘ladi.

Qanday shartlarda rag‘batlantiriladi

Trenerlar sport maktabi trenerlari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorida har oy rag‘batlantiriladi. Buning uchun ular vakolatli organ belgilagan me’yorlar asosida sportchilarni tayyorlashi, ularni ERP Sport tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishi hamda sportchilarning davomatini Face ID tizimi orqali muntazam elektron tarzda yuritishi kerak.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston dunyoning eng kuchli to‘rtta shaxmat davlati qatorida e’tirof etilgani haqida yozgandi.